Bunga hech kim kafolat bermaydi – mas’ul qarz mablag‘ini “rastrata”dan himoyalash haqida
Jamiyat
−
24 noyabr 2021
6642Davlat qarzining korrupsiya va davlat idoralaridagi urug‘-aymog‘chilik sabab “rastrata” bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ammon unga qarshi kurashish mumkin. Bu haqda bugun, 23 noyabr kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va moliyaviy resurslarni safarbar qilishning yangi vositalari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori Jasur Qarshiboyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“Davlatlar qarzining korrupsiya va davlat idoralaridagi urug‘-aymog‘chilik sabab “rastrata” bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Moliya yoki boshqa tizimlarda faoliyat olib borayotganlar xalqning vakili, kimningdir opasi, kimningdir akasi yoki ota-onasi. Ularning hammasini birdaniga bulg‘ash noto‘g‘ridir. Qarzni kamaytirish uchun yechim bitta – shaffoflikni oshirish, muhokamalarni ko‘paytirish. Shundagina korrupsiyaga nuqta qo‘ysa bo‘ladi. Korrupsiya barcha davlatlarda bo‘lgan va bor. Uning hajmlarini kamaytirish uchun shaffoflikni ta’minlashimiz kerak. Shu sababli ham aynan qarz masalasida Moliya vazirligi shaffoflikni ta’minlashga harakat qilyapti”, deydi Davlat qarzi departamenti direktori.
Jasur Qarshiboyevning ta’kidlashicha, Davlatning qarz olishi bu illat emas. Davlatning xarajatlarini moliyalashtirish uchun imkoniyatlari cheklangan, ehtiyoj esa katta. Chekka hududdagi maktablarni qayta ta’mirlash, yetarli sharoit yaratish, qishloqlarda aholi ichimlik suvi ichishi uchun bu mablag‘lar kerak bo‘ladi.
“Davlat qarzi bo‘yicha shaffoflik ta’minlanyapti deb o‘ylayman. Har chorakda qayerga qancha mablag‘ sarflangani ochiqlanadi. Nazorat mexanizmi kuchli qilingan. O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat nomidan jalb qilingan hamda kafolatlangan qarzi, yarim yillik hisobida, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 38,5 foiz miqdorida aks ettirilgan”, deya ta’kidladi Jasur Qarshiboyev.
Shuningdek, Davlat qarzi departamenti direktorining ta’kidlashicha, 2020 yildan buyon byudjetga har yili qancha mablag‘ jalb qilish mumkinligi to‘g‘risida cheklovlar belgilangan. Bu haqda deputatlarga to‘liq ma’lumotlar beriladi.
“Moliya vazirligi takliflar ishlab chiqayotganda, albatta, davlat qarzi e’tiborga olinadi. Qarz yuki kelajak avlodga tushmasligini o‘ylab ishlab chiqiladi. Davlat qarzini boshqarishda diversifikatsiyaga ya’ni valyuta xatarlarini pasaytirishga urg‘u beriladi”, deya ta’kidladi u.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi 24,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Shundan umumiy tashqi qarzi qoldig‘i – 21,8 mlrd dollar, ichki qarzi qoldig‘i esa 2,4 mlrd dollarga teng.
LiveBarchasi