AQSH O‘zbekistondagi yana ikki kompaniyaga sanksiya kiritdi

Jamiyat

image

AQSH O‘zbekistondagi ikkita kompaniya – Uzstanex va The Elite Investment Group'ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) xabar berdi.

OFAC tomonidan Rossiya harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish bilan bog‘liq 275 ga yaqin shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar kiritilgan. "Qora ro‘yxat"ga Rossiya Mudofaa vazirining besh o‘rinbosari (Anna Sivilyova, Aleksandr Fomin, Pavel Fradkov, Viktor Goremikin, Andrey Buliga), umumiy hisobda 400 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgan.

Cheklovlar Xitoy, Shveysariya, Turkiya, BAA va Hindistondan kelgan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga ham tegishli hisoblanadi.

Sanksiyaga uchragan kompaniyalar orasida Uzstanex va The Elite Investment Group deb ataluvchi O‘zbekistonning ikki kompaniyasi ham keltirilgan.

Savdo tashkilotlarining yagona davlat reyestriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan va mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan kompaniyaning ustav fondi 65 million so‘mni tashkil etadi. Firmaning yagona ta’sischisi – Vasiliy Vitalevich Abramov, uning direktori – Dmitriy Aleksandrovich Boysov.

The Elite Investment Group 2024 yil yanvar oyida ulgurji nomutaxassis savdo uchun tashkil etilgan. Ustav fondi 3 million so‘m bo‘lgan kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Uning asoschisi va direktori – Nodira Abdusattorovna Qozoqboyeva.

AQSH Davlat departamentiga ko‘ra, The Elite Investment Group 2024 yilning mart oyidan may oyiga qadar Rossiya kompaniyalariga, shu jumladan, AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyada joylashgan GTS Group kompaniyasiga yuqori ustuvorlikdagi tovarlarning umumiy ro‘yxatidan (CHPL) taxminan 190 ming dollarlik mahsulotlar, shu jumladan, Turkiyaning Guclu Global kompaniyasidan agent-tashuvchi sifatida foydalangan holda elektr transformatorlarini yetkazib bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Savdo vazirligining Sanoat va xavfsizlik byurosi Rossiyadan 12 ta va O‘zbekistondan bitta kompaniyaga Amerika texnologiyalari va tovarlarini yetkazib berishni cheklagandi. Chunki AQSH hukumati bu tashkilotlarning xatti-harakatlari milliy xavfsizlik hamda mamlakat manfaatlari va tashqi siyosatiga zid, deb hisoblagandi. AQSH rasmiylarining fikricha, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan tashkilotlar Rossiya Qurolli kuchlarini uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olish, ishlab chiqish va tarqatish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqalar qatorida Rossiyaning dron ishlab chiqaruvchi ZALA Aero kompaniyasi ham ro‘yxatga kiritilgandi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistondagi ustav kapitali 1 million dollar bo‘lgan, elektron butlovchi qismlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Mvizion kompaniyasini ham “qora ro‘yxati”ga kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Moliya vazirligi O'zbekiston Uzstanex The Elite Investment Group

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing