O‘zbekistonning davlat qarzi qancha ekani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
21 noyabr 2022
25243Davlat qarzi qoldig‘i joriy yilning 1 iyul holatiga 26,0 mlrd AQSH dollarini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 35,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligi ma’lum qildi.
Davlat qarzining YAIMga nisbati 2021 yil boshida 39,0 foizdan (2021 yil yakunida – 38,0 foiz) 2022 yilning 1 iyul holatiga 35,1 foizgacha pasaydi.
Umumiy davlat qarzining 23,26 mlrd AQSH dollari tashqi qarz, 2,77 mlrd AQSH dollari esa ichki qarz hisoblanadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi bugungi kunda “mo‘’tadil” darajada hisoblanadi.
“Davlat qarzini makroiqtisodiy barqaror darajada saqlash va uni samarali boshqarish yuzasidan amalga oshirilayotgan choralar hamda milliy valyuta almashuv kursining barqarorligi sharoitlarida respublika iqtisodiyotining yuqori sur’atlar bilan o‘sishining ta’minlanishi natijasida 2021 yildan boshlab davlat qarzining YAIMga nisbati barqarorlashishi kuzatildi”, deyiladi vazirlik sharhida.
LiveBarchasi