Davlat qarzi bo‘yicha aniq tartiblar belgilandi. Qarz boshida Moliya vazirligi
Jamiyat
−
04 avgust 2022
7115Avval xabar berganimizdek, bugun, 4 avgust kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali yaxlit tizimni yaratishga e’tibor qaratilgan.
Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.
Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanmoqda.
Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.
Davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari, maqsadlari va strategiyasi hamda davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan normalar aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda davlat kafolatini berish tartibi, davlat kafolati berilmaydigan holatlar, qarz oluvchi-rezidentlarning majburiyatlari, davlat kafolatini bekor qilishga oid qoidalar o‘z aksini topgan.
Ta’kidlanganidek, davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi O‘zbekiston Respublikasiga qarz oluvchi sifatidagi ishonchning ortishiga, bu esa o‘z navbatida kelgusida zarur mablag‘larning mo‘’tadil narxlarda jalb qilinishiga yordam beradi.
Davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va shu bilan bog‘liq jarayonlar haqida fuqarolarimizni to‘liq xabardor qilish tartibi ham Qonunda o‘z ifodasini topgan.
Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborotlar yilning har choragida o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.
Davlat qarzi to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi va va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
LiveBarchasi