Qarzning yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foiz etib belgilansa, burnimizgacha qarzga botmaymizmi?
Jamiyat
−
04 avgust 2022
8614Avval xabar berganimizdek, bugun, 4 avgust kuni Senatning 29-yalpi majlisida “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilanmoqda. Xo‘sh, bu o‘ta yuqori ko‘rsatkich emasmi? Mamlakat yana qarz botqog‘iga chuqurroq botmaydimi? Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov nega aynan 60 foiz nisbat belgilanganiga izoh berdi.
“Mazkur limit – bu yuqori chegara. Bu maqsad emas. Hozirgi kunda davlat qarzimiz yalpi ichki mahsulotga nisbatan 37 foizni tashkil qilyapti. Yil oxiriga borib, bu ko‘rsatkich 40 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Biz yana 20 foiz “bufer” olganmiz”, deydi Isoqov.
Uning qayd etishicha, 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli tashqi qarz mablag‘lari rejaga nisbatan ko‘proq jalb qilingan. Shu bilan birgalikda, YAIMning o‘sish sur’atlari ham kutilganidan kamroq bo‘lgan.
“Shunga qaramay, butun dunyoda teskari o‘sish bo‘lganda ham O‘zbekistonda 1,7 foiz o‘sishga erishildi. Shunday bo‘lsa ham jami qarzning YAIMga nisbati qariyb 10 foizga oshib ketdi. Biz bundan xulosa qildikki, kamida 10 foiz “bufer” kerak ekan”, deydi vazir o‘rinbosari.
Ta’kidlanishicha, qonun kuchga kirgach, davlat qarzi YAIMga nisbati 50 foizga yetganda, Vazirlar Mahkamasi parlamentga qarzning holatini kamaytirish bo‘yicha o‘zining taklifini kiritishi kerak.
“Aslida “potolok” 50 foiz, 60 emas”, deb yana takrorlaydi Isoqov.
Qo‘shimcha qilinishicha, 60 foizlik limit belgilashdan avval 70 dan ortiq mamlakatning tajribasi o‘rganilgan. Bundan 45 tasida qarzning YAIMga nisbati 60 foiz.
“1971 – 2007 yillarda 99 ta mamlakatda o‘z qarzini to‘lay olmaslik holatlari kuzatilgan. Ana shu mamlakatlarning aksariyatida davlat qarzining YAIMga nisbati 60 foizdan ancha yuqori bo‘lgan.
Yevropa Ittifoqiga Maastrixt mezonlari bor, bu bo‘yicha ham YeIda ham 60 foiz limit belgilangan”, deydi Isoqov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bundan 23,2 mlrd dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi.
LiveBarchasi