Londonda Ukrainani tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
Olam
−
20 iyun 2023
4303Joriy yilning 21-22 iyun kunlari Buyuk Britaniyada Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya Ukraine Recovery Conference (URC 2023) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ukraina va Britaniya birgalikda o‘tkazadigan mazkur konferensiya ochilishida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Ukraina Bosh vaziri Denis Shmixal so‘zga chiqishi kutilmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa videoaloqa orqali muhokama ishtirokchilariga murojaat qiladi.
Xalqaro anjumanda ko‘plab davlat va tuzilmalar vakillari, jumladan, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen, Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimaxa Xayashi ishtirok etadi.
Xalqaro moliya institutlari, biznes va nohukumat tashkilotlar vakillari ham qatnashadigan konferensiyada Ukrainada xususiy moliyani safarbar qilish uchun sarmoya imkoniyatlari va xavflarni kamaytirish mexanizmlari, shuningdek, Ukrainaning inson kapitalini yaxshilashga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilinadi.
Konferensiya Ukrainaning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlash, shuningdek, uni urushdan keyingi rekonstruksiya qilish uchun xalqaro yordamni safarbar qilish, jumladan, shoshilinch ehtiyojlar uchun favqulodda yordam ko‘rsatish va xususiy sektorning mamlakatni qayta qurish jarayonida ishtirok etishini moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlanadi.