Moliya vazirligi QALAMPIR.UZ'da e’lon qilingan murojaatga mujmal javob qaytardi
Jamiyat
−
24 fevral 2023
12020Xabaringiz bor, QALAMPIR.UZ’da “Moliya vazirligi Prezident qarorini bajarmaydimi yoki gap Madaniyat vazirligidami?” nomli maqola va video intervyu e’lon qilingan edi. Unda Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlari Prezidentning 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarorining 11-bandi ijrosi ta’minlanmagani, Madaniyat vazirligi xodimlari uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish pullarini olmagani,sud qarori xodimlar foydasiga chiqarilganiga qaramay, belgilangan pullar undirilmagani haqida aytilgan edi. Mazkur murojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi mujmal munosabat bildirdi.
Vazirlik o‘z bayonotini Prezidentning yuqoridagi qarorini tushuntirishdan boshlagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi qarorining 11-bandida Davlat xizmatchilari uchun mehnatga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etilguniga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Madaniyat vazirligi xodimlarining ko‘p yillik mehnati uchun har oylik moddiy rag‘batlantirish joriy etilishi belgilangan.
Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlariga:
- 1-5 yilgacha – 0,3;
- 5-10 yilgacha – 0,6;
- 10-15 yilgacha – 0,9;
- 15 yildan ortiq – 1,2;
hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlariga:
- 1-5 yilgacha – 0,1;
- 5-10 yilgacha – 0,2;
- 10-15 yilgacha – 0,3;
- 15 yildan ortiq – 0,4 koeffitsiyent to‘lanishi belgilangan.
O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi 3325-sonli qaroriga asosan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga (Jamg‘arma) respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan yo‘naltirilishi belgilangan”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Aytilishicha hukumatning tegishli qaror va bayonlariga asosan 2021 yilda Jamg‘armaga respublika byudjetidan jami 101,3 mlrd so‘m (o‘zlashtirilmagan mablag‘ 3,0 mlrd so‘m), 2022 yilda 179,9 mlrd (2022 yilda o‘zlashtirilmagan mablag‘ 20,5 mlrd) so‘m ajratilgan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, Jamg‘armaga 2018 yilda 16,0 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2022 yilda 179,9 mlrd so‘m yoki 2018 yilga nisbatan 11 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan.
Ammo vazirlik jamg‘armaga mablag‘larning qaysi maqsadda (madaniyat xodimlari maoshlari yoki boshqa ehtiyojlar uchun?) o‘tkazganini ochiqlamagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida”gi Nizomiga asosan Jamg‘arma Kengashi Jamg‘armaning yuqori organi hisoblanishi hamda Jamg‘arma Kengashi Kengash Raisining taklifiga binoan Jamg‘armaning daromad va xarajatlar smetasiga o‘zgarishlar kiritishi mumkinligi belgilangan.
Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2021 yil 12 martdagi 1-sonli yig‘ilish bayoniga asosan Jamg‘armaning ijrochi direktoriga byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlarni ajratilgan mablag‘lar doirasida joriy talabdan kelib chiqib, qayta taqsimlash vakolati berilgan.
Bundan tashqari, byudjet qoidalariga ko‘ra byudjet tashkilotlari tomonidan ajratilgan mablag‘larni xarajat qilishda birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun mablag‘ nazarda tutilishi lozim”, deyiladi munosabatda.
Vazirlik xulosa o‘rnida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi byudjet tashkilotlariga normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan mablag‘larni moliyalashtiradi va ushbu mablag‘larni kamaytirish yoki ko‘paytirish vakolatiga ega emasligini bildirgan. Qolaversa, Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha mas’uliyat byudjet tashkilotlarining zimmasida ekanligini ma’lum qilgan.
Shuningidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 martdagi “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat boshqarmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari 2022 yildan Madaniyat vazirligi orqali Davlat byudjetidan mablag‘ ajratilgani ma’lum qilingan.
“Moliya vazirligi Prezident qarorini bajarmaydimi yoki gap Madaniyat vazirligidami?” nomli maqola va video intervyuni QALAMPIR.UZ'ning You Tube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi