Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonning sirli dushmanlari haqida gapirdi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonning biri ikki bo‘lishini xohlamaydigan davlatlar bor. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov gapirdi. Ammo amaldor aynan qaysi mamlakatlarni nazarda tutayotganini ochiqlamagan. Qolaversa, vazirlikning rasmiy sahifasida e’lon qilingan video izohida bu gap qachon va qayerda aytilgani ma’lum qilinmagan.

“Bizni hayotimiz farovon bo‘lib, butun muammolarimiz yechilib, ertaga yaxshi hayotga qadam qo‘yishimiz hammaga ham yoqavermaydi. Hamma davlatlarga ham yoqavermaydi bunaqa narsalar. Bugun O‘zbekistonda mislsiz islohotlar bo‘lyaptiki, internetda negativ juda ko‘p. Ish bo‘layotgani uchun u dushmanlar tomonidan o‘n karra ko‘proq harakat qilinyapti. Go‘yoki, O‘zbekistonda hech narsa bo‘lmayapti degan narsani tarqatish bilan ovora bo‘layotgan, bizga qarama-qarshi faoliyat yuritayotgan, umuman O‘zbekistonni biri ikki bo‘lishini ko‘ra olmaydigan, undan jazavaga tushadigan davlatlar bor, odamlar emas, davlatlar bor”, deydi Nazarbekov.

Madaniyat vazirligining rasmiy instagram sahifasiga joylangan videoda vazir dushman davlatlar haqida gapirgan bo‘lsa, uning ostidagi izohga matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarov ayrim sahifalar va shaxslar tanqid qilishni odatga aylantirganini alohida urg‘ulab yozgan.

“Ayrim sahifalar va shaxslar voqealarning ijobiy jihatlarini inkor etgan holda, turli salbiy fikrlarni tarqatishga urinmoqda”, deb yozadi O‘sarov.

So‘nggi vaqtlarda Madaniyat vazirligi tizimdagi haqiqatda mavjud bo‘lgan kamchiliklar tanqid qilinganida ham ularni sof jurnalistik emas, keskin, “dushman tomonlarning fitnasi” sifatida qabul qilmoqda va shu mazmunda rasmiy bayonotlar bermoqda.

Xususan, o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlarning aslida XVII Xalqaro “ENTRE DEUX CANNES” inklyuziv (imkoniyati cheklangan insonlar, autizmli, nogironligi bor odamlar haqidagi filmlar uchun tashkil etilgan) kinofestivalida g‘alaba qozonganini vazirlik matbuot xizmati adashtirib, “o‘zbekistonlik ijodkorlar nufuzli Kann xalqaro kinofestivalida gran-prini qo‘lga kiritdi” deya yolg‘on xabar tarqatgani ham bahsli vaziyatni yuzaga keltirgan edi. Bu haqda ma’lumot bergan jurnalistlar esa, vazirlikka yaqin bo‘lgan bloger, tizimdagi yosh xodim va ayrim aktyorlar tomonidan sun’iy tanqidlarga uchradi. Ular vatan tuyg‘usi yo‘qligida, pashshadan fil yasashda va faqat yomon tarafni ko‘rishda ayblandi. Sezgir kuzatuvchilarning ko‘pchiligi esa, izohlar bo‘limida “vazirlik trollari” ko‘paygani haqida yozdi.

Avvalroq, Madaniyat vazirligining rasmiy sahifalarida o‘zbekistonlik ijodkorlarning Kann kinofestivalidagi g‘alabasi bo‘yicha yolg‘on axborot tarqatilgani ma’lum bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekov dushmanlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing