Amaldorlarning puli va mol-mulki hisoblanadi

Tahlil

Reklama
0:00

O‘zbekistonda davlat xizmatchilari va amaldorlarning daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiya qilish masalasi so‘nggi yillarda eng ko‘p muhokama qilingan islohotlardan biriga aylandi. Ozodbek Nazarbekovning krossovkasi, Sherzod Qudbiyevning soati, boshqa ayrim amaldorlarning avtomobili-yu, uylari yoki shohona sayohatlari vaqti-vaqti bilan jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lib turadi.

Biroq bunday bahslarda e’tiborni tortadigan jihat qimmatbaho buyumlarning o‘zi emas. Asosiy savol — ular davlatdan qancha maosh oladi, qanday daromad manbalariga ega va qanday mol-mulkka egalik qiladi? Bu esa O‘zbekistonda hanuz ochiqlanmayotgan, ochiqlanishi esa yillar davomida paysalga solib kelinayotgan masalalardan biri hisoblanadi.

So‘nggi besh-olti yildan buyon mamlakatda davlat xizmatchilari, amaldorlar, vazirlar va ularning yaqin qarindoshlari, hatto turmush o‘rtog‘i hamda farzandlari nomidagi mol-mulklar deklaratsiya qilinishi, ularning daromadlari va davlatdan olayotgan maoshi bilan mol-mulki o‘rtasidagi mutanosiblik tekshirilishi haqidagi va’dalarni bot-bot eshitib kelamiz. Ammo bu tashabbuslar haligacha amaliyotga to‘liq ko‘chgani yo‘q.

O‘zbekistonda ko‘p yillardan beri kutilayotgan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini tashkil etish vazifasi endi qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatildi. Bugun aynan shu masala haqida gaplashamiz.

O‘zbekistonda ancha yillardan buyon  kutilayotgan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilishni tashkil etish endi Qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatildi. Bu haqda joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida so‘z borgan.

Qonun bilan 2017 yil 3 yanvar kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari kengaymoqda. 

Hujjatga ko‘ra, endilikda agentlik davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etishga xamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga ko‘maklashadi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash choralarini ko‘rishga mas’ul bo‘ladi. 

Shuningdek, Qonun bilan agentlikka davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqish hamda uning samarali ishlashini tashkil etish majburiyati yuklatilgan. 

Amaldorlarning poraxo‘rligiga chek qo‘yishning eng katta natija beradigan xalqaro tajribadan o‘tgan usuli albatta daromadlarni deklaratsiya qilish. O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan. Farmonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish belgilangan. 

2022 yil 10 noyabrda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida ham davlat fuqarolik xizmatchisining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat fuqarolik xizmatchisi qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shartligi belgilangan. Biroq qaysi qonunda, qaysi muddatda? Bu mujmal! Deklaratsiyalarni kim nazorat qiladi, kim nomutanosibliklarni aniqlaydi va uning ochiq bazasi mavjudmi, bu savollar ham yillarkim javobini topmay kelmoqda. 

Gap shundaki, Prezidentning 2021 yil 6 iyuldagi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan edi. QALAMPIR.UZ manbalariga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Lekin, hozir u qayerdaligi haqida birov miq etmaydi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, yana natija yo‘q. Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilishi, mansabi va lavozimiga ishonib yurganlar ham ayab o‘tirilmasligini aytgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining esa Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish boshqarmasi mavjud bo‘lib, ushbu boshqarma nima ish bilan shug‘ullanayotgani haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Hozirgacha boshqarmaning davlat xizmatchilari mol-mulki bo‘yicha hisoboti tinglanmadi. 

Agar vaziyatga byurokratik hisobotlardan tashqariga chiqib, real va amaliy nuqtai nazardan qarasak, javob qisqacha shunday: Yo‘q, tizim ishlamayapti va jamiyat kutgan natijani bermayapti. Islohot bir necha yildan beri “sinov”, “tayyorgarlik” va “texnik integratsiya” bosqichida qolib ketmoqda.

Davlat amaldorlari va xizmatchilarining yuqori turmush darajasi, hashamatli uylari va qimmatbaho avtomobillari nimaning hisobidan shakllanadi? Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday holatlar ko‘pincha byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, lobbizm, ayrim shaxslar manfaati uchun qarorlar qabul qilish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va korrupsiya bilan bog‘liq bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil oxirida Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurash keskin kuchaytirilishi, 2026 yilda bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlagan edi. Bu tashabbuslar amalda ham aks etib, komplayens tizimi bo‘yicha alohida qonun qabul qilinishigacha olib keldi.

Biroq afsuski, ko‘plab amaldorlar va davlat xizmatchilari uchun bu hali ham jiddiy signal bo‘la olmayapti. Axborot maydoni deyarli har kuni hokim o‘rinbosari, soliq xodimi, prokuror, tergovchi yoki adolat izlab murojaat qilingan sudyaning korrupsiya bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar bilan to‘lib bormoqda.

Bu kabi axborotlarning ommaviy axborot vositalarida ko‘payishi, bir tomondan, ijobiy holat. Demak, korrupsiyaga qarshi kurash haqiqatdan ham avj olgan, ishlar olib borilmoqda va natijalar yashirilmayapti. Faqat bu jarayon tashkilotlarning o‘rta bo‘g‘inidagi rahbarlar bilan cheklanib qolmasdan, birinchi rahbarlar bilan bog‘liq holatlar ham ochiq va shaffof yoritilsa, korrupsiyaga qarshi kurashning samarasi haqida yanada ishonch bilan gapirish mumkin bo‘lar edi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda yillardan beri muhokama qilinayotgan mol-mulk va daromadlarni deklaratsiya qilish masalasi qo‘shni davlatlarda qanday hal qilingan? Keling, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasiga nazar tashlaylik. Mintaqada bu borada eng tizimli yondashuvni Qozog‘istonda ko‘rish mumkin. Mamlakatda 2021 yildan boshlab umumiy deklaratsiyalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etildi. Dastlab davlat xizmatchilari va ularning turmush o‘rtoqlari o‘z daromadlari hamda mol-mulki haqida hisobot bera boshladi. Keyinchalik tizim byudjet tashkilotlari xodimlari, tadbirkorlar va boshqa aholi qatlamlarini ham qamrab oldi. Bugun Qozog‘iston mintaqada deklaratsiyalash tizimini eng keng joriy etgan davlat hisoblanadi.

Qirg‘iziston ham davlat mansabdor shaxslarining aktivlarini deklaratsiya qilishni qonunan majburiy qilib qo‘ygan mamlakatlardan biri. Bu yerda prezident, vazirlar, deputatlar va turli darajadagi davlat xizmatchilari har yili o‘zlari hamda yaqin qarindoshlarining daromadlari, ko‘chmas mulklari va boshqa yirik aktivlari haqida deklaratsiya taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlarning bir qismi, ayniqsa yuqori lavozimli shaxslarga oid ma’lumotlar, ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Tojikistonda ham davlat xizmatchilarining daromadlari va mulkiy holatini deklaratsiya qilish tartibi qonunchilikda nazarda tutilgan. Mamlakatning “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, davlat xizmatchilari ishga qabul qilinganda va har yili daromadlari hamda mol-mulki haqida soliq organlariga hisobot topshirishi shart. Biroq bu ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq emas va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmaydi. Shu bois Tojikistonda deklaratsiyalash tizimi amalda mavjud bo‘lsa-da, uning shaffoflik darajasi nisbatan past baholanadi. 

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing