Tramp O‘zbekistonga borishni istaydi – Paolo Zampolli
Jamiyat
−
17:20 1149 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni istayapti, biroq ehtimoliy tashrif muddati hozircha noma’lum. Bu haqda AQSH Prezidentining global sheriklik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Men uning O‘zbekistonga kelishni istayotganini bilaman. Prezidentning ish jadvali juda tig‘iz. Ammo u menga O‘zbekistonga tashrif buyurish niyati borligi haqida gapirgan. Men o‘zim ham ushbu masalani ilgari surib kelyapman”, deydi maxsus vakil.
Zampollining so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni tashrif imkon qadar tezroq amalga oshishiga umid qilmoqda. Shu bilan birga, u aniq sanani aytmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha muloqotda Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelishni taklif qilgandi.
Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyi o‘rtalarida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga kelishi haqida xabar berilgandi. Tashrif davomida Rubio Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda C5+1 vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi. Muhokamalar C5+1 formati doirasida mintaqaviy iqtisodiy bog‘liqlikni chuqurlashtirish, energetika xavfsizligini mustahkamlash va umumiy mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikdagi yechimlarni ilgari surishga qaratiladi.