5 km lik sinov. Eshakda boshlanadigan ilm yo‘li

Tahlil

−

Reklama
0:00

Maktabga eshakda qatnaydigan bolalar

Har kuni O‘zbekistonda millionlab bolalar maktabga yo‘l oladi. Kimdir bir necha bekat avtobusda boradi. Kimdir ota-onasining mashinasida qatnaydi. Kimdir bir necha yuz metr masofada yayov yurib boradi. Samarqand viloyatining Olmasuvon qishlog‘ida esa bolalar har kuni eshaklarda maktabga qatnaydi.

“Bu qishloq Olmasuvon deyiladi, “Burgansoy” MFYga qaraydi. Biz shu yerdan har kuni eshak bilan tepaga qatnaymiz. U yerda bog‘imiz bor, boqqa boramiz. Asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Bu qishloqda qiladigan boshqa ish yo‘q.Har kuni mana shu yo‘ldan eshak bilan qatnab turamiz. Ertalab ketamiz, kechga yaqin qaytib kelamiz. U yerda bog‘imiz, tokzorimiz bor. Tok ekkanmiz. Hozir oldinda eshakda ketayotgan odamning xurjuni bor, men ham o‘sha tomondan mayiz olib kelyapman”, deydi ushbu qishloqda yashovchilardan biri.

Bu bolalar uchun dars – maktab eshigidan boshlanmaydi. Ularning asosiy sinovi yo‘l. Maktabga yetib borish ham bir mashaqqat. Olmasuvon – Kattaqo‘rg‘on tumanining tog‘li hududlaridan biri. Qishloqlar bir-biridan tarqoq joylashgan. Ayrim ichki yo‘llar so‘qmoqlardan iborat. Erta tongdan maktab o‘quvchilari goho eshakda, goho piyoda yo‘lga chiqadi. Mahaliy aholining so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘llarda eshakda yurish velosiped haydashdan ancha qulayroq. 

Toshkentda yoki katta shaharda 4–5 kilometr faqat raqamdek eshitilishi mumkin. Ammo bu yerda bolalar uchun har bir kilometr yo‘lning o‘z nomi va o‘zgacha xotirasi bor. Shu qishloqda yashovchi aholining so‘zlariga ko‘ra, yo‘lning ayrilish qismiga kelganda 5–11 sinf o‘quvchilari 84-sonli maktabga pastga tushadigan yo‘l orqali ketadi. boshlang‘ich sinf o‘quvchilari esa so‘qmoqlar orqali ushbu maktabning filiali tomon yo‘l oladi.

“Tepada 3 ta qishloq bor: Qo‘shmozor, Yilqaydar va To‘lali. Maktabdagi 113 nafar o‘quvchining 47 nafari tepadagi qishloqlardan keladi. Ya’ni o‘quvchilarning qariyb 50 foizi yuqoridan qatnaydi.Darslar soat 9:00 da boshlanadi. Chunki 5–6 kilometr uzoqlikdagi qishloqlardan keladigan o‘quvchilar ham bor. Ob-havo injiqligiga qaramay, qorli yoki yomg‘irli kunlar bo‘lsa ham, o‘quvchilar va o‘qituvchilar shu qishloqqa kelishadi”, deydi maktab direktori.

Yo‘l davomida maktabdan so‘ng ota-onasiga yordamlashayotgan, tog‘dan og‘ir yukni eshakka ortib kelayotgan maktab o‘quvchilariga ko‘zimiz tushdi.

Kamera qarshisida bizning savollarimizga tortinib javob bergan Amina oilaning uchinchi farzandi. U singlisi Imona bilan har kuni dars qiladi.

To‘g‘ri, o‘zbekning mexmondo‘stligi, mehmon kelsa to‘rdan joy berib o‘zining uyida bor eng yaxshi noz-ne’matlarni dasturxonga to‘kib sochishi hikoya, maqol, xalq og‘zaki ijodida to‘lib toshgan. Bu gaplarning isbotini esa mana shu yerda, ya’ni biz mehmon bo‘lgan xonadonlarda ham ko‘rdik. 

Kimlar uchun faqat so‘ngi qo‘ng‘iroq bayramidagina esga tushadigan bu ovoz maktabda o‘quvchilarga dars tugaganidan darak berish uchun har soatda jonli tarzda chalinadi.

Qishloqda kechqurun bizni mehmon qilgan xonadon egalari ham bu yerlarda aloqa yo‘qligi sababli qo‘shnilar bilan umuman telefonda gaplashib bo‘lmasligini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, biror favqulodda vaziyat yuz bersa yoki to‘y-hasham bo‘lsa, qo‘shnilarni xabardor qilish uchun har bir xonadonga alohida borib chaqirishga to‘g‘ri keladi.

Qishloq aholisining so‘zlariga ko‘ra, bolalar maktabga yetib borgach, uzoq yo‘lda ularning doimiy hamrohi bo‘lgan bu ulovlarni soy bo‘yidagi daraxtlarga bog‘lab qo‘yishar ekan. Bolalarning aytishicha, bu joy eshaklar uchun “parkovka” deb atalar ekan. 

Eshak minib, maktabga borish – bugun paydo bo‘lgan an’ana emas, qishloq oqsaqollari ham bu usul avloddan avlodga o‘tib kelayotgan yechim ekanligini aytdi. Ular ham bolaligida maktabgacha bo‘lgan 15 kilometrlik masofani doimo eshakda bosib o‘tganini esladi.

Ha, bu olmaqishloqdagi aholining kundalik turmush tarzi shunday. Soat 05:00 lar atrofida tong otadi. Kelajakda Ulug‘bek prezident, Davlatbek askar, Amina o‘qituvchi, Furqat esa shifokor bo‘lish uchun ertaga yana maktabga yo‘l oladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing