“Komanda” ketdi, vazir qoldi: Bu ishonchmi yoki oxirgi ogohlantirish?

Tahlil

image

Madaniyat vazirligida “tozalash”. Madaniyat vazirining barcha o‘rinbosarlari bir kunda ommaviy ishdan bo‘shatildi, hatto eng yuqori nazorat nuqtasi bo‘lgan Prezident vakili ham o‘zgartirildi. Bu shunchaki kadrlar almashinuvimi yoki yillar davom etgan tizimli inqirozning portlashimi? Vazir Ozodbek Nazarbekovning sohaga bosh bo‘lib qolganini unga berilgan navbatdagi imkon deb baholash mumkinmi? Tizimni tanqid qilgan jurnalist va blogerlarni xoinlikda aybalagan vazirlikning vaziridan boshqa barcha amaldorlari Prezident topshirig‘i bilan ishdan olinishi barcha bahs-munozaralarga yakun yasadi.

Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari bilan Madaniyat vazirining ikki birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov va Avazxon Tojixonov hamda yana ikki o‘rinbosar Murodjon Majidov va Yusufjon Usmonov lavozimidan ozod qilindi. Ularning ishdan olinishi “boshqa ishga o‘tishi” munosabati bilan deb izohlangan.

O‘zgarish ishlari faqat vazirlik binosi bilan cheklanib qolmadi. Shu kunning o‘zida imzolangan Prezident farmoni bilan, joriy yilning aprel oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili lavozimida ishlab kelayotgan G‘iyosiddin Qutbiddinovich Rejabov ham boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod qilindi. Bor-yo‘g‘i uch oylik faoliyatdan keyin vakilning o‘zgarishi sohadagi inqiroz darajasini ko‘rsatar, ehtimol. Prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili lavozimini esa bungacha Kreativ industriya parki direktori bo‘lib ishlagan Hasan Ravshanovich Solihov egalladi.

U tadbirdan bu festivalgacha…

Bugungi kunda keng jamoatchilik va oddiy xalq tasavvurida Madaniyat vazirligi deganda nima ko‘z oldiga keladi? Jamiyatning ma’naviy-madaniy darajasini ko‘tarishga qaratilgan fundamental, tizimli islohotlarmi yoki turli tadbir va festivallardangina iborat to‘planishlarmi?

Bugun bu vazirlik – har yili davlat byudjetidan milliardlab ulush olib, u hududdan bu hududga ko‘chib yuradigan, u festivaldan bu konsertga o‘tib yuradigan, katta bir tadbirlar tashkil etuvchi tijoriy agentlik qiyofasiga kelib qolgandek. Bu kabi festivallarni tashkil etish noto‘g‘ri ish emas, albatta. Ammo madaniyatning tomiri bo‘lgan chekka qishloqlardagi abgor ahvoldagi kutubxonalar, qarovsiz teatrlar va yopilib ketayotgan madaniyat uylari borligi ham haqiqat.

Vazirlikning fundamental missiyasi – jamiyatda madaniyatni, odob-axloqni, kitobxonlik va yuksak estetik didni shakllantirish edi, shou-biznes reytinglarini yoki to‘y-hashamlardagi san’atkorlar litsenziyasinigina nazorat qilish emas.

Tanqid qilsang – xoinsan!

Ushbu vazirlik va uning atrofidagi “sadoqatli faylasuflar”ning eng og‘riqli nuqtasi – professional tanqidni mutlaqo ko‘tara olmasligidir. Shu paytgacha tizimdagi moliyaviy kamchiliklar, samarasiz xarajatlar yoki mantiqsiz qarorlar haqida matbuotda yoki ijtimoiy tarmoqlarda ochiq gapirilsa, vazirlikning “himoya instinkti” darrov ishga tushardi.

Tanqid qilgan jurnalist yoki blogerni darrov vatanni sevmaslikda, milliy qadriyatlarga qarshi chiqishda va ma’naviyatsizlikda ayblash kampaniyasi boshlangani ham rost. OAVlarga “xalq dushmani” yoki “faqat yomonlikni ko‘ruvchi g‘anim” tamg‘asi yopishtirildi. Tizimli xatolarni tan olish o‘rniga, jamiyatda faqat negativni ko‘radigan, orqasida qandaydir tashqi kuchlar yoki “yollangan buzg‘unchilar” turgan dushmanlar obrazini yaratish ham odatiy tusga aylandi.

Hatto vazirlikning matbuot xizmati o‘z tizimidagi xodimlarning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari va vazirlik turli medallar bilan taqdirlagan blogerlar orqali nashrlarni yomonotliq qilishga vaqt topa oldi. Bu jarayonni esa tizimning shaxsiy “ogorod”ga aylanishi deb baholash mumkin.

Vaholanki, hech bir shaxs, guruh yoki vazirlik butun bir davlatga yoki hukumatga teng bo‘la olmaydi. Vazirlikni, uning samarasiz ishini yoki vazirni tanqid qilish – davlatga qarshi chiqish degani emas! Aksincha, davlatning sog‘lom rivoji uchun uning tizimidagi chiriyotgan, ishlamayotgan bandlarni ko‘rsatib berishdir. Madaniyat vazirligining xatolarini aytish vatan xoinligi emas, balki shu vatanning madaniyati va kelajagiga haqiqiy kuyunishdir.

“Komanda” ketdi, vazir qoldi: Bu ishonchmi yoki oxirgi ogohlantirish?

Ushbu keng ko‘lamli “demontaj” jarayonida eng e’tiborli jihat – vazirlikning butun boshli mansabdorlari olib tashlangan bo‘lsa-da, tizim tepasida turgan vazir Ozodbek Nazarbekovning o‘z o‘rnida qolganidir. Bu holatni faqatgina 2020 yildan buyon lavozimni egallab kelayotgan vazirning ajoyib faoliyati uchun mukofot yoki unga bo‘lgan cheksiz ishonch deb baholash biroz mushkul. Bu Nazarbekovga berilgan navbatdagi va ehtimol, eng oxirgi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Hukumat vazirga butunlay yangi jamoani taqdim etdi. Endi “boshqaruv pulti”da yangi kadrlar o‘tiribdi. Agar arava yana joyidan jilmasa yoki yana eski ssenariylar takrorlansa, yakuniy aybdor kim bo‘lishi barchaga, eng birinchi navbatda vazirning o‘ziga kundek ravshan.

Bugungi ommaviy kadrlar tozalovi – tizimdagi o‘zgarishsizlikka yechim berish uchun amalga oshirildi. Yangi tayinlangan o‘rinbosarlar eski an’analarni davom ettiradimi yoki haqiqiy, tub madaniy islohotlarga kirishadimi? Buni yaqin oylar ko‘rsatadi. Lekin bir narsa aniq: Ozodbek Nazarbekov uchun bu “madaniy o‘yin”ning so‘nggi va eng xavfli raundi boshlandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing