Kambag‘allikni tan olishdan milliy yuksalish modeligacha yoxud mustaqillik qanday nishonlandi?
Tahlil
−
29 avgust 511 13 daqiqa
Mustaqillik muborak bo‘lsin! Mendan kuni kecha bir jurnalist mustaqillik siz uchun nima deb savol berib qoldi. Odam bir narsani yo‘qotmaguncha qadriga yetmaydi, uning borligi eng katta ne’matligini sezmaydi, insonmiz, bu fitratimiz bor. Meni ham sizdan farqim yo‘q, ochig‘i bu savolga bir dunyo javob qaytarishim mumkin edi. Lekin, hamon o‘ylanyapman, mustaqillik nima? Hayron qoldiradigan javobni aytolmasam-da, bir narsani aniq bilaman. Uni anglashim, qadrlashim uchun yo‘qotishim shart emas. Dunyodagi to‘palonlarni ko‘ryapman. Och bolalarning nolalari qulog‘im ostida. Milliolab odamlar xorlikda yashayapti. Fundamental huquqlaridan foydalana olmayotganlar, yashashdan bezor qilinayotganlarning ahvoli o‘rtada. Xo‘sh, men Mustaqillikni qadrlashim uchun qon kechishim shartmi? Bu savolni sizga ham beraman, aziz tomoshabin. Izohlarda yozing, siz uchun Mustaqillik nima?
Hech kimni qoralash, o‘tgan kunlarimiz ustidan mag‘zava ag‘darish niyatim yo‘q, lekin meni uzoq yillar davomida qiynab kelgan narsani aytmasam bo‘lmas. Biz o‘z tarixini nafaqat unuttirilgan, o‘zimizga qo‘yib berilganda ham unutgan xalq bo‘lib qolgandik. Eslamadik, or qildik, qo‘rqdik. Jadidlarning barmoq bilan sanarli nomlarini bilardik, xolos. Xonliklarimiz, amirlarni sotqinlikda ayblab, nomlarini faqat maktab darslariga kiritdik, xolos. Turkiston muxtoriyati g‘oyalaridan qo‘rqdik, turkiylik tushunchasini Sovetlar ongimizga singdirib ketgan “panturkizm” safsatasi bilan egizak qildik. Sharof Rashidovni eslashni – hokimiyatni bo‘lishishdek xavf deya ko‘rdik. Qolganlarini xoinga chiqardik, xullas tariximizdan or qildik. Yolg‘onmi? 90 yilgacha bo‘lganlarni qo‘ying, 90 yildan keyin ulg‘aygan avlodning o‘z tarixi borasidagi ilmi yarimta bo‘lib qoldi.
Mustaqillik bayramining 35 yilligi tantanalarini ko‘rdingizmi? G‘ururlandim. Bungacha ham jadidlarimiz nomlari tilga olinib, qatag‘on yillarida sudlanganlar oqlanayotgani, davlat rahbari darajasidagi yirik tadbirda jadidlar harakati ko‘kka ko‘tarilayotgani ilinj berayotgandi. Ammo bu yilgi tadbir Yangi O‘zbekistonning o‘z tarixiga tik qarash borasidagi qat’iyatining eng yuqori nuqtasi bo‘ldi, menimcha.
Ko‘rdingizmi, unda hech narsa unutilmadi. O‘rxun-Enasoy yozuvlari bo‘lsin yoki Avesto, Beruniy, Xorazmiy, Farobiylar yod etildi. O‘zbekning asl nasli haqida kuylandi. Ha, Mustaqillikka 35 yil to‘ldi, ammo davlatchilikka emas. Davlatchiligimiz tarixi uzun va viqorli. Qadimgi Xorazm, Baqtriya, Kushon, Qang‘ davlati, Dovon, Ustrushona davlatchiligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar davlati, Temuriylar saltanati, Boburiylar davlati, Shayboniylar davlati, Xiva xonligi, Qo‘qon xonligi, Buxoro Amirligi, Turkiston muxtoriyati eslandi. Ularning bayroqlari namoyish etildi. Dunyoda Xitoydan to Yevropaga, Rossiyadan to Hindistonu Suriyagacha uzangan o‘zbek davlatchiligi haqida birinchi marta bunday katta maydonda, rasmiy tadbirda ma’lumot berildi. Bu g‘urur emasmi?
Turkistonning bosib olinishi, sovet ittifoqidagi bosqinchilik, zug‘umlar alohida eslandi. Vatan ozodligi uchun jon bergan shahidlar, qoni to‘kilgan jadidlar nomidan so‘z olindi. O‘zbekning paxta dalasida xor bo‘lgani, sibirga surgun qilingani, dinidan, ilmidan, o‘zligidan, tarixidan ayrilgani va bunga sababchi bo‘lganlar, paxta siyosati tufayli qurigan Orol mavzusida san’atkorlarning chiqishlarida mahorat bilan yoritildi.
1959–1983 yillarda mamlakatni boshqargan va ko‘plab islohotlar, qurilishlarga boshchilik qilgan Sharof Rashidovning mehnatlari munosib xotirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligini e’lon qilgan va 25 yil davomida mamlakatni boshqargan Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Xullas, hech kim va hech narsa qolib ketmadi. Kimningki mehnati bo‘lsa, hammasi qadrlandi, tarix shunchaki unutilmadi, unuttirilmadi, aksincha, hammaga nisbatan minnatdorlik, bu kunlarga shukrona bor edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham nutqida o‘tgan 35 yil davomida mustaqillikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhumlarning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etib, Islom Karimov nomini alohida tilga oldi.
“Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz. Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev
Prezident nutqi hamma narsani qamrab olgandi. Mustaqillik bizga nima berdi, degan savolga esa men kabi mustaqillikkacha bo‘lgan davrni ko‘rmaganlar Shavkat Mirziyoyev aytgan birgina misol orqali o‘ziga javob topishi mumkin. Davlat rahbarining urg‘ulashicha, Mustaqillik bizga muqaddas dinimiz, ona tilimiz va unutilgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Prezident mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini aytdi. Islohotlarning birinchi kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholining dardiga darmon bo‘lish asosiy maqsad bo‘lgani aytildi. O‘tgan davrga siyosiy baho berib o‘tildi.
“Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi. Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik”, dedi Prezident.
O‘zbekiston dunyoga keng ochilgani, chegara muammolari hal qilinib, qo‘shnilar bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlangani, valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirilgani urg‘ulandi.
“Uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning o‘zida ortig‘i bilan bajarilib, O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirdi. Bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston kambag‘allikni tan oldi. Migrantlaridan or qilmadi, ularni tashqariga uloqtirmadi, egasiz qoldirmadi. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoiti xususida bosh qotiriladigan bo‘ldi.
“Izchil sa’y-harakatlar tufayli kambag‘allik darajasi 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam” dedi Prezident.
Davlat rahbari keyingi bosqichdagi rejalarga ham to‘xtalib, kelgusi 10 yillik milliy yuksalish davri bo‘lishini aytdi. Unga ko‘ra, iqtisodiyot yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tadi, kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi.
“Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’ati saqlangan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi. Sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi”, dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident sud mustaqilligi kuchaytirilishi, qonun ustuvorligi umumiy qadriyatga aylantirilishi, huquqiy tarbiya maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yilishi, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlar davom ettirilishi, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralari yanada kuchaytirilishi, yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tarilishini va’da qildi.
Tashqi siyosat haqida gapirarkan, Prezident, O‘zbekiston ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettirishini urg‘uladi. Iqtisodiy diplomatiya esa tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosat qat’iy davom ettiriladi.
“Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz! 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy, 2027 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Joriy yilning 31 dekabrigacha kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilinadi. Bu kabi yangiliklar 27 avgust kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan o‘rin olgan.
Farmonga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi. Biroq ayrim tekshiruvlar bundan mustasno. Jumladan, jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash (qaytarish) hamda tadbirkorlik sub’ektining tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlarga moratoriy tatbiq etilmaydi.
Moratoriy amal qilish davrida kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi.
2028 yil 31 dekabrga qadar huquqiy eksperiment sifatida o‘rta va yirik tadbirkorlar tomonidan o‘z faoliyatini auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash bo‘yicha tashabbus tarzidagi auditdan o‘tkazish hamda auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi.
Bunda, audit o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan soliq auditi o‘tkazilmaydi, aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi. Mazkur eksperiment doirasida audit o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar reyestri Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi va rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi, auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay qolgan soliq va yig‘imlar aniqlangan holatlar bo‘yicha auditorlik tashkiloti javobgar bo‘ladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Kameral soliq tekshiruvi esa bundan mustasno.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Unga ko‘ra, birinchi marta qoida buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalarning mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qo‘llanmaydi. Ularga dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
Yangi joriy etilayotgan “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi tartibiga ko‘ra, iqtisodiy amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi (bundan penya mustasno) 2026 yil 31 dekabrga qadar to‘liq to‘langanda, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va ular bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi.
Avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qo‘shimcha hisoblangan soliq summasi 2026 yil 31 dekabrga qadar to‘liq to‘langanda ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi.
Tadbirkorlik sub’ektlari soliqlar va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Iqtisodiy amnistiya doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etganlarning Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingidagi ballari tushirilmaydi.
Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llangan ma’muriy jarimaning to‘lanmagan qismi, qat’iy belgilangan miqdordagi aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi sub’ektlarga qo‘llangan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi 2026 yil 1 yanvarga qadar shakllangan bo‘lsa, qarzdorliklar hisobdan chiqariladi.
Shuningdek, avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalari Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilishiga ruxsat beriladi hamda kechiktirib kiritilganligi sababli jarima qo‘llanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, “jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Afv etilgan 604 nafar mahkum jazodan to‘liq ozod qilindi, 115 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi. 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtiriladi. 81 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida 7 nafar chet el fuqarosi hamda 63 nafar taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar bor. Kechirilganlar ro‘yxatiga tushganlarning 375 nafari yoshlar, 49 nafari ayollar, 37 nafari esa 60 yoshdan oshgan erkaklardir.
O‘zbekistonning davlat qarzi o‘tgan chorakka nisbatan 1,33 milliard dollarga ko‘paydi va joriy yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 48,32 milliard dollarni tashkil etdi.
Shu davr mobaynida davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati 26,2 foizdan 27 foizgacha oshgan. Qarzning asosiy qismini hamon tashqi qarz tashkil etmoqda: birinchi chorakda u 39,78 milliard dollarni (umumiy hajmning 85 foizi), ikkinchi chorakda esa 40,71 milliard dollarni (84 foiz) tashkil etgan. Bu bir chorak avvalgi 22,2 foizga nisbatan YAIMning 22,8 foiziga to‘g‘ri keladi. Ichki qarz 7,21 milliard dollardan 7,60 milliard dollargacha o‘sgan. Uning ulushi 15 foizdan 16 foizga, YAIMga nisbati esa 4 foizdan 4,2 foizga ko‘tarilgan.
Tashqi qarz tarkibida qayd etilgan (fiksatsiyalangan) foiz stavkasiga ega qarzlar ustunlik qilmoqda – ularning hajmi 20,78 milliard dollardan 21,72 milliard dollargacha (44 foizdan 45 foizgacha) o‘sgan, suzuvchi stavkali kreditlar ulushi esa 40 foizdan 39 foizga tushgan.
Xorijiy valyutada nominallashtirilgan qarz tashqi portfelning 82 foizidan 80 foizigacha qisqargan, milliy valyutadagi majburiyatlar ulushi esa 2 foizdan 4 foizgacha oshgan. Tashqi qarzning deyarli barchasi uzoq muddatliligicha qolmoqda: to‘lash muddati bir yildan ortiq bo‘lgan majburiyatlar ikkinchi chorakda 39,29 milliard dollarni (81 foiz) tashkil etgan.
Ichki qarzda milliy valyutadagi instrumentlar ulushi 10 foiz darajasida saqlanib qolmoqda, shu bilan birga xorijiy valyutadagi majburiyatlar 6 foizdan 5 foizga tushgan. Ichki qarzning qisqa muddatli qismi 0,80 milliard dollardan 1,17 milliard dollargacha o‘sgan.
Tugayotgan haftada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga an’anaviy o‘zbek ayvonlarini sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi. AQSH Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan yuborilgan ayvonlar Amerika tomonidan qabul qilib olingan. Donald Tramp ushbu sovg‘ani Amerika xalqi nomidan qabul qilgan.
An’anaviy o‘zbek uslubida tayyorlangan va nafis yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ayvonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ramzi sifatida park hududida o‘rnatiladi. Tashrif buyuruvchilar ularni kuz oylarida ko‘rishlari mumkinligi kutilmoqda.
Ayvonlar AQSHda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Amerika milliy qahramonlari parki” loyihasi doirasida G‘arbiy Potomak parkiga o‘rnatiladi. Ushbu loyiha doirasida 250 ga yaqin mashhur amerikaliklarning haykallari, shuningdek, restoranlar, amfiteatr va boshqa ob’ektlar barpo etilishi nazarda tutilgan.
AQSH Ichki ishlar vazirligi vakili Keti Martining aytishicha, an’anaviy o‘zbek shiyponlari ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam aloqalar ramzi bo‘lib xizmat qiladi.
Amerika – O‘zbekiston munosabatlaridan uzoqlashmaymiz. AQSHning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri – Sietl shahri meri Keti B.Uilson 2026 yil 1 sentyabrni shaharda rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” (Uzbekistan Independence Day) deb e’lon qildi. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan.
Sietl meri tomonidan imzolangan rasmiy proklamatsiyada O‘zbekistonning 35 yil davomida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli transformatsiya yo‘lini bosib o‘tgani, mamlakat Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega davlati va mintaqaning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri ekani, ochiq bozorlar va xalqaro sheriklikni kengaytirishga intilayotgani urg‘ulangan.
Hujjatda, shuningdek, O‘zbekistonning Sietlda Bosh konsulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yilgani natijasida Sietl O‘zbekistonning bevosita diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lgan AQSHning sanoqli shaharlaridan biriga aylangani haqida so‘z borgan.
4 sentyabr kuni Sietlda O‘zbekiston Respublikasining AQSH G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Sietl AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi eng yirik iqtisodiy, texnologik va savdo markazlaridan biri. Katta Sietl mintaqasi 4,1 milliondan ziyod, iqtisodiyoti 2025 yilda qariyb 607 mlrd AQSH dollari hajmidagi yalpi hududiy mahsulot yaratgan bo‘lib, bu Vashington shtati iqtisodiyotining asosiy qismini tashkil etadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga tabrik yo‘lladi. Tabriknoma yuborilgani haqida Prezident Matbuot xizmati tomonidan rasmiy axborot berilmadi, tabrik maktubini Zelenskiyning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qildi.
“Sizni va mamlakatingiz xalqini Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman hamda o‘zimning eng ezgu tilaklarimni bildiraman. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat prinsiplariga asoslangan munosabatlar bundan buyon ham izchil rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu fursatdan foydalanib, sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, farovonlik hamda mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik va taraqqiyot tilayman”, deyiladi Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubida.
O‘z navbatida Zelenskiy Shavkat Mirziyoyevga Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ukraina O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik munosabatlarini yuqori baholaydi hamda ikki tomonlama hamkorlik, savdo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga sodiq qoladi. Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinch va farovon kelajak tilayman”, deb yozgan Ukraina Prezidenti.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust