Shavkat Mirziyoyev o‘quvchi va ustoz-murabbiylarga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

Bugun, 1 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan o‘zbekistonlik o‘quvchi va ustoz-murabbiylarga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ bayramiga uyg‘un va hamohang holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga o‘zimning ezgu tilaklarimni bildiraman.

Yangi o‘quv yili mamlakatimizning butun ta’lim tizimida, maktab, litsey, texnikum va oliygohlarimiz hayotida yangi ma’rifiy yuksalish yili bo‘lsin!” deyiladi tabrik maktubida.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib borayotganini qayd etgan.

“Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir”, deydi Prezident.

Shu bilan birga, O‘zbekiston yetakchisi bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlar timsolida Uchinchi Renessans nihollarini ko‘rishini bildirgan. 

“Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir.

Hech shubhasiz, bunday ulug‘ maqsadlarga yetishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz. Maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan farzandlarimiz puxta bilim bilan birga, albatta kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Buning uchun hududlarda “Kasblar shaharchalari”ni yaratib, zamonaviy tajriba hamda ilg‘or mutaxassislarni jalb etamiz”, deydi Prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilarga murojaat qilib, ularga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llarida paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilim ekanini qayd etgan. 

“Go‘zal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlab, yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni, ona tilimiz, boy tariximiz va madaniyatimiz asoslarini puxta egallang. Jahon tarixi va xorijiy tillarni ham astoydil o‘rganing. Izlanish va harakatdan hech qachon to‘xtamang.

Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan tabarruk zaminimizni butun qalbingiz, yuragingiz bilan seving, xalqimiz va Vatanimizga cheksiz sadoqat tuyg‘ulari bilan yashang!

Shu yo‘lda mehribon ustozlaringiz, ota-onalaringizni eng yaqin do‘st va maslahatchi deb biling!

Sizlarga yangi o‘quv yilini a’lo baholar bilan boshlab, har bir o‘quv choragini muvaffaqiyatli yakunlashni, sihat-salomatlik, omad va zafar yor bo‘lishini tilayman.

Bilimlar bayrami barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!” deydi O‘zbekiston Prezidenti.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing