Zabt etilmagan Kann: Madaniyat vazirligi hammani aldadi…mi?

Madaniyat-san’at

image

Avvalroq, Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan 17-Xalqaro “ENTRE DEUX CANNES” inklyuziv (imkoniyati cheklangan insonlar, autizmli, nogironligi bor odamlar haqidagi filmlar uchun tashkil etilgan) kinofestivalida O‘zbekiston yoshlari g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi. Ijtimoiy tarmoqlar, davlat telekanallari va Madaniyat vazirligining rasmiy sahifalarida esa kinoijodkorlar mashhur, dunyoning eng yirik va nufuzli Kann xalqaro kinofestivalda gran-prini qo‘lga kiritgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zi nima bo‘lgandi?

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi “ENTRE DEUX CANNES”, ya’ni imkoniyati cheklanganlar va kasalligi bor insonlar haqidagi filmlarga atalgan festivalning eng yuqori mukofoti – gran-prini qo‘lga kiritgandi. Garchi bu loyiha asosiy Kann kinofestivalining rasmiy tanlov dasturiga kirmasa-da, lekin u bilan bir vaqtda va parallel tarzda Kann shahrida o‘tkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestivaldir.

Festivalda dunyoning turli mamlakatlari, jumladan Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlaridan kinoijodkorlar ishtirok etib, turli janrdagi badiiy, qisqa metrajli hamda hujjatli filmlar namoyish etilgan. 2026 yilgi Kann kino mavsumi uchun 600 dan ortiq film arizalari qabul qilingan bo‘lib, ulardan 20 dan ortiq film hakamlar hay’ati tomonidan saralab olingan. Saralangan filmlar orasida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi hakamlar hay’ati tomonidan gran-pri mukofotiga loyiq deb topilgan. Kinematografiya agentligi bergan ma’lumotlarda tanlov nomi aniq yozib ko‘rsatilgan.

Mish-mishlar qayerdan chiqdi?

Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarov bu yangilikni noto‘g‘ri talqin qilib, festivalning nomini to‘liq aytmagan. Buning ortidan esa ijtimoiy tarmoqlarda va hatto davlat telekanallarida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” kinosi asosiy festivalda g‘olib bo‘lgani haqida xabarlar tarqalib ketgan.

“O‘zbek kinoijodkorlari tomonidan olingan film ilk bor Kann kinofestivalida g‘olib bo‘ldi”, degan O‘sarov.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev film ijodkorlarini “Kelajak bunyodkori medali bilan taqdirlash to‘g‘risida Farmon imzolagan. Hujjatda ham “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmi Kann shahridagi inklyuziv filmlar xalqaro festivalida g‘olib bo‘lgani aytilgan.

Qolaversa, rasmiy OAVlar bu tarixiy natija ekani, o‘zbekistonlik ijodkorlar haligacha bu mukofotda g‘olib bo‘lmaganini urg‘ulagan. Buning ortidan esa barchada “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf”ni yirik kino bayrami – Kann festivalida g‘olib bo‘lgan, degan o‘y yana bir marta mustahkamlangan. Ammo 2019 yilda rejissyor Shokir Holiqovning “Choy” filmi ham Kann kinofestivali kunlarida o‘tkazilgan “ENTRE DEUX CANNES” festivalida gran-pri olgan, ya’ni bu mukofot Kanndagi inklyuziv parallel festivalda o‘zbek filmi mukofot olgan birinchi holat emas.

Qiziq tomoni shundaki, Shokir Holiqovning g‘alabasi deyarli hech qayerda ovoza qilinmagan. Qayd etilishicha, o‘sha paytda ijdokorning o‘zi delegatsiya tarkibiga ham kiritilmagan, mukofot haqida Toshkentda turib xabar topgan, ya’ni Holiqov Fransiyaga bormagan va va hukumat tomonidan hech qanday mukofot olmagan.

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, barcha tushunmovchiliklar Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan noto‘g‘ri xabar ortidan kelib chiqqan.

Bu haqda jurnalist Anora Sodiqova o‘z murojaatida shunday dedi:

“Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmining mukofoti – yaxshi xabar. Inklyuziv mavzudagi asarning xalqaro tadbirda e’tirof etilishi qadrli natija.

Ammo uni “ilk marotaba Kann zabt etildi” sifatida sotish — fakt bilan PR o‘rtasidagi chegarani buzishdir.

Haqiqat shunday: o‘zbek filmi Kann shahrida o‘tgan parallel inklyuziv festivalda mukofot oldi. Bu quvonarli, ammo rasmiy Cannes Film Festival g‘alabasi emas va “ilk marotaba” degan iddao ham kamida bahsli. Kino tarixida esa pafosli sarlavhalar emas, haqiqiy asarlar va adolatli munosabat qoladi”.

Qayd etish joiz, 2026 yilgi asosiy va dunyoning eng nufuzli Kann kinofestivali 79-marotaba o‘tkazilmoqda. Festival 23 mayga qadar davom etadi.

Festival ochilish filmi sifatida fransuz rejissyori Per Salvadori suratga olgan “Elektrik o‘pich” filmi namoyish etilgan.

2026 yilgi festivalda asosiy e’tibor xalqaro artxaus kinoga qaratildi. Tanlov dasturidan ispaniyalik rejissyor Pedro Almodovar, eronlik rejissyor Asg‘ar Farhodiy, yaponiyalik rejissyor Xirokadzu Koreeda, Ryusuke Xamaguti va amerikalik rejissyor Ayra Saksning yangi filmlari joy olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Madaniyat vazirligi Kann Qadam. Quyosh bolasi Yusuf

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing