Chexiya Kiyevga $152 mlnlik harbiy yordam yubordi

Olam 3648
image

Ukrainada urush boshlanganidan beri Praga Kiyevga umumiy qiymati 3,5 milliard kron (152 million dollar)dan ortiq harbiy yordam ko‘rsatdi. Bu haqda Ukraina Davlat transport xizmati xabar bergan. 

Qayd etilishicha, harbiy harakatlar davom etayotgan joylarda transport aloqalarini tiklash uchun Chexiya Ukrainaga 36 metrli ikkita ponton ko‘prigi jo‘natgan.

Chexiya Mudofaa vazirligi rahbari Yana Chernoxova hukumat yaqin kelajakda Ukrainaga qiymati qariyb 8 million kron (347 ming dollar) bo‘lgan kimyoviy himoya vositalarini jo‘natishni rejalashtirayotganini aytgan.

Aytish joizki, ko‘plab G‘arb davlatlari, xususan, Chexiya Moskvaning harakatlarini qoralab, unga qarshi sanksiyalar joriy etmoqda.

May oyi o‘rtalarida Chexiya Prezidenti Milosh Zeman mamlakatning 103 nafar fuqarosiga Ukraina harbiylari safiga qo‘shilish imkonini beruvchi farmonni imzolagan edi. Avvalroq, rasmiylar Chexiya piyodalarining jangovar mashinalari va T-72 tanklari Kiyevga topshirilgani haqida ham xabar bergan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 3
Reyting: 3.2
t
×