Chavusho‘g‘li Rossiya va Ukraina qaysi masalada muzokarani davom ettirayotganini aytdi
Olam
−
27 may 2022
7405Hozir Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida “turg‘unlik kuzatilmoqda”. Faqat asirlarni almashish muhokama qilinmoqda, o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi gaplar esa orqa planga o‘tgan. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li Sabah portaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Rossiya-Ukraina muzokaralari jarayonida turg‘unlik kuzatilmoqda, Ukraina hatto muzokaralarni to‘xtatganini e’lon qildi. Maydondagi kurash davom etmoqda. Rossiya tomonidan asirga olingan ukrain askarlari va Ukraina tomonidan asirga olingan rus askarlarini almashish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar fonga o‘tdi”, deydi Chavusho‘g‘li.
Vazir, shuningdek, Rossiya floti tomonidan Ukraina portlarida to‘sib qo‘yilgan don eksporti muammosiga ham ishora qildi. Tashqi ishlar vazirligining aytishicha, hozir xavfsizlik nuqtai nazaridan uni eksport qilish mumkin emas. Biroq, bu masalani muhokama qilish davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Ukraina Prezidenti devoni Rossiya “harbiy g‘alabalar” xayolida yashashi aytildi, bu esa u bilan muzokaralar olib borishni imkonsiz qiladi. Diplomatik muloqot faqat Zelenskiy ko‘rsatmasi bilan davom ettiriladi. Ayni paytda davlat rahbari Rossiya 24 fevraldan keyin bosib olgan hududlarni qaytarishi kerak, deb hisoblaydi. Shundagina yana muzokaralar boshlanishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi