Buyuk Britaniyada Ukraina uchun xayriya konserti o‘tkazildi 

Olam

image

Buyuk Britaniyada kecha, 29 mart kuni Ukraina uchun xayriya konserti o‘tkazildi. Unda 12,2 million funt sterling (deyarli 16 million dollar) pul yig‘ildi. Mablag‘ ukrainaliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi. 

Birmingemda bo‘lib o‘tgan Concert For Ukraine’da Ed Shiran, Kamila Kabelo, Emeli Sande, Tom Odell, Snow Patrol rok guruhi ishtirok etgan. 

Konsertga kela olmagan Billi Aylish va uning ukasi Finneas O’Konnell qo‘llab-quvvatlash va birdamlik izhor qilgan. Konsertga 8 ming tomoshabin tashrif buyurgan, shuningdek, televizor orqali ham minglab odamlar uni tomosha qilgan. 

Konsertda xorijlik yulduzlardan tashqari ukrainaliklar ham, xususan Jamala “1944” qo‘shig‘i bilan chiqish qilgan. 

“Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganliklari, Ukraina bilan birga bo‘lganlari uchun barcha musiqachilarga rahmat, chunki bu biz uchun juda muhim”, degan u. 

Millionlab funt-sterling xayriyaga qo‘shimcha ravishda, teleradiokompaniyalar reklamadan tushgan daromadning taxminan 3 million funt sterlingini Ukrainaga xayriya qilgan. Shuningdek, yana 250 ming funt sterling chipta sotishdan tushgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing