Bundan ham battar bo‘ladi – NATO Bosh kotibi Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg yaqin kunlarda Ukrainada bundan ham ko‘proq o‘lim va vayronagarchiliklar bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Bosh kotib alyansning Bryusseldagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishdan so‘ng Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi. 

Bosh kotib Ukrainadagi mojaroni “Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushi” deb atadi va hujumlarni davom ettirayotgan Rossiya “bundan ham og‘irroq qurollarni” qo‘llashi mumkinligini taxmin qildi. 

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Rossiya Ukrainada "butun dunyo qoralashi kerak bo‘lgan shafqatsiz va g‘ayritabiiy ishg‘ol"ni amalga oshirmoqda va hujumlar natijasida allaqachon ko‘p sonli odamlar halok bo‘lgan va jarohatlangan.  

“Yaqin kunlarda, ehtimol, bundan ham battar bo‘ladi: ko‘proq o‘lim, ko‘proq azob va vayronagarchilik”, deydi Stoltenberg. 

Shu bilan birga, Stoltenbergning ta’kidlashicha, Putin Ukrainaga qarshi urush boshlab, Ukraina Qurolli kuchlari qudratini va Ukraina xalqining irodasini past baholagan. 

“Biz Putinni urushni zudlik bilan to‘xtatishga, qo‘shinlarini hech qanday shartlarsiz Ukrainadan olib chiqib ketishga va aniq diplomatik harakatlar qilishga chaqiramiz”, deydi Bosh kotib. 

Bosh kotib ayni paytda alyans Ukrainani parvozlar taqiqlangan hudud deya e’lon qilmasligini va u yerga qo‘shin yubormasligini yana bir bor ta’kidlagan. 

“NATO tomonidan bunday qadam qo‘yilgan taqdirda Yevropada to‘laqonli urush boshlanishi mumkin, yana ko‘plab davlatlarni qamrab oladigan va insoniyatning ko‘proq azoblanishiga sabab bo‘ladigan vaziyat yuzaga keladi”, deydi Stoltenberg.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

131

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing