Bularning barchasi Rossiyaning qo‘rqoqligidan – Zelenskiy 

Olam

image

Rossiya o‘nlab yillar davomida Ukrainaga nisbatan yuritgan siyosati noto‘g‘ri ekanini tan olishdan qo‘rqadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ta’kidladi.  

“Ular Rossiyaning Ukrainaga nisbatan o‘nlab yillar davomida olib borgan butun siyosati noto‘g‘ri bo‘lganini tan olishdan qo‘rqadi. Ular yangi xatolarga yo‘l qo‘ydi. O‘zlari o‘zlarini har qanday siyosiy vositalardan mahrum qildi va haqiqiy bo‘lmagan ambitsiyalardan voz kechishni istamay, bu urushni boshladi”, degan Zelenskiy. 

Zelenskiy Rossiya o‘zining tajovuzkorligi uchun aybni Ukraina zimmasiga yuklamoqchi ekanini ta’kidlagan. 

“Ular Qrimni egallab oldi, go‘yo biz aybdormiz. Ular Donbassdagi normal hayotni yo‘q qildi, go‘yo biz aybdormiz. Ular Malayziya Boeing’ini urib tushirdi, go‘yo biz aybdormiz. 8 yildirki ular bizning yerimizda odamlarni, bolalarni o‘ldirmoqda, go‘yo biz aybdormiz. Ular Yevropa sharqidagi eng qudratli sanoat hududini vayron qildi, biz esa aybdormiz. Ular millionlab odamlarning hayotini buzdi, go‘yo biz aybdormiz. Ular bizga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi, go‘yo biz aybdormiz. Ular allaqachon Ukrainaga zarba berish uchun 2000 ta raketa, son-sanoqsiz havo bombalari, artilleriya snaryadlari, minalarni sarflagan, go‘yo biz aybdormiz. Ular bizning yerimizda qiynoqqa solishdi, o‘ldirishdi, go‘yo biz aybdormiz. Ular yuz minglab ukrainaliklarni, bolalarimizni deport qildi, hali ham go‘yo biz aybdormiz”, degan u. 

Prezidentning fikricha, bularning barchasi qo‘rqoqlikdan. 

“Qo‘rqoqlik kuchaysa, u falokatga aylanadi. Odamlarda o‘z xatolarini tan olishga, kechirim so‘rashga, haqiqatga moslashishga, o‘rganishga jur’at yetmasa, ular yirtqich hayvonlarga aylanadi. Dunyo bunga e’tibor bermasa, yirtqich hayvonlar dunyo ularga moslashishi kerak, deb qaror qiladi”, degan Zelenskiy. 

Uning ta’kidlashicha, Ukraina bularning barchasini to‘xtatadi, Rossiya qo‘rqoqligiga hech narsa yordam bermaydi va Rossiya haqiqatni tan olishga majbur bo‘ladigan kun keladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

47

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing