“Buchadagi dahshatni hech qachon unutmayman”. Guterrish Rossiyaga jiddiy ayblov qo‘ydi
Olam
−
06 aprel 2022
7230Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyani Ukraina bilan xalqaro tan olingan chegaralarni o‘zgartirishga urinayotganlikda aybladi. Bu haqda u Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, Rossiya BMT Nizomini buzgan holda, Ukrainaga bostirib kirib, ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro tan olingan chegaralarni o‘zgartirishni ko‘zlagan.
Bosh kotibning qayd etishicha, Ukrainadagi ketayotgan urush shiddati va oqibatlari tashkilot Nizomiga asoslangan xalqaro tartib va global tinchlik arxitekturasi uchun eng katta muammolardan biri hisoblanadi.
“Urush insoniyatni bekordan-bekorga qurbon bo‘lishiga, shaharlar va fuqarolik infratuzilmasining vayron etilishiga olib keldi. Buchada o‘ldirilgan tinch aholining dahshatli suratlarini hech qachon unutmayman”, deydi Guterrish.
U aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun mustaqil tergov o‘tkazish kerakligini eslatib, qurbonlarni zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik haqidagi hikoyalardan qattiq dahshatga tushganini ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning fikriga tayangan holda Antoniu Guterrish bular harbiy jinoyat va xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi ekanligini urg‘ulagan.
BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, Rossiyaning hujumi bir oy ichida o‘n milliondan ortiq odamni o‘z uyini tark etishiga olib kelgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi