Bu stol tennisi emas, urush! – Zelenskiy yana yordam bermayotgan G‘arbdan nolidi
Olam
−
09 mart 2022
13862Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arbni Polsha tomonidan jangovar samolyotlarni topshirish bo‘yicha qarorni kechiktirmaslikni va javobgarlikni bir-biriga yuklamaslikni so‘radi. Bu haqda u o‘zining navbatdagi murojaatida so‘z ochgan.
Zelenskiyning urg‘ulashicha, agarda Ukrainaning o‘rnida G‘arbga do‘st boshqa mamlakatlar bo‘lganda edi, bunday qaror bir necha soatlar ichida qabul qilingan bo‘lardi.
“14 kun! Keng qamrovli shafqatsiz urush. Xalqimizga qarshi terror. Shaharlarni vayron qilish, butun hududlarni qamal qilish, tinimsiz portlashlar... 14 kun! Agar do‘stlarimizga yordam berish kerak bo‘lsa, bir necha soat ichida shunday qarorga kelgan bo‘lardik”, deydi Ukraina Prezidenti.
Unga ko‘ra, Ukraina Rossiya bosqinining birinchi kunidanoq o‘z hamkorlaridan mamlakat osmonini yopishni, yopmagan taqdirda, falokatlar uchun javobgar bo‘lishini ta’kidlab kelgan.
“Keng ko‘lamli gumanitar falokat. Rossiya tinch aholiga, shaharlarga, bizning infratuzilmamizga qarshi raketalar, samolyotlar va vertolyotlardan foydalanmoqda. Bunga javob berish dunyoning insoniy burchidir. Lekin... Yechim yo‘q”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbari so‘zida davom etar ekan, Polsha rahbariyatiga Ukrainaga jangovar samolyotlar berishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirgan.
“Aslida bu texnik muammo. Buni hal qilish kerak. Darhol! Polshaning samolyotlarni tegishli bazaga – Amerika bazasiga o‘tkazish bo‘yicha rasmiy qarori bor. Shuningdek, Amerika tomoni va Polsha kelishuvga erishgani haqidagi tasdiqimiz bor. Ammo Polshaning taklifi asossiz ekani haqida ham eshityapmiz. Bu haqda Vashingtonda gapirishmoqda. Xo‘sh, qaror qachon qabul qilinadi?”, deya G‘arbga yuzlandi davlat rahbari.
Shuningdek, Zelenskiy gap urush va inson hayoti haqida ketayotgani, shuning uchun muammoni tezlik bilan hal qilish va mas’uliyatni bir-biriga yuklamaslik kerakligini qayta-qayta ta’kidlagan.
“Eshiting: biz urushdamiz! Bu stol tennisi emas. Gap inson hayoti haqida ketmoqda! Yana bir bor buni tezda hal qilishingizni so‘raymiz. Sansolar qilmang, bizga samolyotlarni yuboring", deydi Prezident.
Avvalroq OAVda AQSH va Polshaning Ukrainaga harbiy samolyotlar berish masalasidagi pozitsiyalaridagi kelishmovchiliklar haqida xabar berilgan edi.
Varshava samolyotlarni Ukraina tomoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki AQSHning Germaniyadagi harbiy bazasi orqali topshirishni taklif qildi.
Pentagon bunga javoban AQSHning samolyotlarni Ukrainaga topshirish jarayonida “ishtirok etishiga” qarshi chiqqan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi