Bu muqarrar edi – Putin Ukrainaga qarshi urush nega boshlanganini tushuntirdi

Olam

image

Ukrainada tarbiyalangan Rossiyaga qarshi kuchlar bilan to‘qnashuv muqarrar va faqatgina vaqt masalasi edi. Bu fikrni bugun, 12 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vostochniy” kosmodromida mahalliy kosmik sanoat xodimlari bilan suhbat chog‘ida bildirdi.

“Ular Ukrainani Rossiyaga qarshi tayanch nuqtasiga aylantira boshladilar, u yerda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan millatchilik va neonatsizm nihollarini o‘stira boshladilar”, degan Putin.

Rossiya Prezidenti keyingi voqealar Ukrainada neonatsist g‘oyalari naqadar chuqur rivojlanganini ko‘rsatganini ta’kidlagan.

“Bu ochiq-oydin haqiqat. Neonatsizm, afsuski, bizga yaqin anchagina katta mamlakatda reallikka aylandi. Bu ochiq-oydin narsa: bu muqarrar edi, yagona savol vaqt edi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Putinning ta’kidlashicha, "maxsus harbiy operatsiya" maqsadlariga erishishda Rossiya Federatsiyasi Donbass aholisiga yordam bermoqda, ikkinchi tomondan, “Rossiyaning o‘z xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda”.

“Ochig‘i, bizda boshqa tanlov yo‘q edi, bu to‘g‘ri. Va hech qanday shubha yo‘qki, [maxsus operatsiya] maqsadlariga erishiladi. Maqsadlar mutlaqo tushunarli, ular olijanobdir”, degan Putin.

Asosiy maqsad – Donbassdagi odamlarga, biz tan olishga majbur bo‘lgan Donbass xalqiga yordam berish. Chunki G‘arb tomonidan rag‘batlantirilgan Kiyev hukumati muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan Minsk kelishuvlarini bajarishdan bosh tortdi”, degan Putin.

U Kosmonavtlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Rossiya qo‘shinlari Ukrainada samarali kurashayotganini urg‘ulagan.

“Bugungi kunda ofitserlarimiz Donbassda “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashmoqda. Donbass xalq respublikalariga yordam bermoqda. Ular mardona, foydali va samarali harakat qilyapti, o‘ziga xos, tengsiz xususiyatlarga ega eng zamonaviy qurol turlaridan foydalanyapti”, degan u.

Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Minsk-2” bandlaridan birortasi Kiyevga yoqmasligini ochiqcha aytganini eslatib o‘tgan, “boshqa rasmiylar esa Minsk kelishuvlarini amalga oshirishning imkoni yo‘qligini aytishdi”.

“Ular buni ochiqchasiga rad etishdi. Sakkiz yil davom etgan bu qirg‘inga chidashning iloji yo‘q”, degan davlat rahbari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

251

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing