Bu blef emas – Putin NATOga yadroviy qurollari bilan ochiqcha tahdid qildi

Olam

image

NATO Rossiyani yadroviy shantaj bilan qo‘rqityapti. Shunday ekan rasmiy Moskva o‘z xalqini yadroviy qurollarni ishga solib bo‘lsa ham himoya qiladi. Bu haqda bugun, 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xalqiga yo‘llagan murojaatida aytib o‘tdi.

“G‘arb barcha chegalarni kesib o‘tdi, biz doimiy tahdidlarni eshityapmiz. Kursk va Belgorod viloyatlari hududiga allaqachon terrorchilik zarbalari berilyapti”, deydi Putin.

Rossiya Prezidentining ta’kidlashicha, NATO mamlakatning janubiy sarhadlari bo‘ylab razvedka o‘tkazyapti.

“NATO butun Rossiya janubida razvedka ishlarini olib boryapti. Ular ochiqchasiga Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish kerakligini aytishyapti. Yadroviy shantaj ham kuchga kirdi. Bunday gaplarga yo‘l qo‘yayotganlarga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, bizning mamlakatimizda ham shunday vositalar (yadroviy qurollar – tahr.) mavjud. Biz xalqimizni himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanamiz. Bu blef emas. Mustaqilligimiz va erkinligimiz barcha vositalar bilan ta’minlanadi”, deydi Putin.

U Rossiyani yadro quroli bilan shantaj qilmoqchi bo‘lganlar, shamol ular tomonga burilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, Putin xalqiga murojaati davomida Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing