Britaniyada ukrainalik qochqinlarni qabul qilganlarga pul to‘lash boshlanadi
Olam
−
13 mart 2022
5331Buyuk Britaniya hukumati Ukrainadan kelgan qochqinlarni qabul qilgan mahalliy aholi, tashkilotlar va jamoalarga oyiga 350 funt sterling (456 dollar) to‘laydi. Bu haqda Britaniya Vazirlar Mahkamasi saytida chop etilgan xabarda aytiladi.
Ta’kidlanishicha, qochqinlarni qabul qilishning yangi sxemasiga ko‘ra, faqatgina yaqinlari Buyuk Britaniyada yashayotganlargina emas, Ukrainaning barcha fuqarolari mamlakatga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Homiylar - jismoniy shaxslar, xayriya tashkilotlari va jamoalar ukrainaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshpana taklif qilishlari yoki alohida turar-joy uchun to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Homiylar, o‘z navbatida, kamida olti oy muddatga qochqinlarni qabul qilish majburiyatini olishlari kerak. 14 mart kuni ukrainalik qochqinlarga boshpana bermoqchi bo‘lganlar buni rasman hujjatlashtira oladigan veb-sayt ishga tushishi rejalashtirilgan. Yangi sxema bo‘yicha qirollikka kirishga muvaffaq bo‘lgan ukrainaliklar uch yil davomida mamlakatda ishlash va davlat xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
“Ukrainadagi inqiroz butun dunyoni larzaga soldi, chunki yuz minglab begunoh odamlar o‘z uylarini tashlab ketishga, taniganlari va sevganlarini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi. Britaniya Ukraina bilan o‘zining eng qorong‘u davrida yelkama-yelka turadi, Britaniya jamiyati imkon qadar ko‘proq odamlarni va imkon qadar tezroq xavfsiz joyga olib borish zarurligini tushunadi. Men butun mamlakat bo‘ylab odamlarni milliy sa’y-harakatlarga qo‘shilishga va ukrainalik do‘stlarimizga yordam berishga chaqiraman. Birgalikda biz juda muhtoj bo‘lganlarni xavfsiz uy-joy bilan ta’minlashimiz mumkin”, degan Buyuk Britaniyaning Uy-joy, mintaqaviy rivojlanish va mahalliy boshqaruv vaziri Maykl Gouv.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi