Britaniya va Kanada ham Putinga personal sanksiya joriy qildi
Olam
−
26 fevral 2022
7017Kecha, 25 fevral kuni Britaniya hukumati Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Buyuk Britaniya sanksiyalari ro‘yxatiga qo‘shdi.
Ularning nomlari kecha yangilangan sanksiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan. Bu Buyuk Britaniya hukumati veb-saytida e’lon qilingan. Ro‘yxatda qayd etilishicha, bu holatda sanksiyalar aktivlarni muzlatishdan iborat.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bu sanksiyalarni ularning “revanshistik missiyasi”ga javoban yaqin vaqt ichida kiritishini aytgandi. U, shuningdek, ittifoqchilarni Rossiya Prezidentiga qarshi eng og‘riqli choralarni ko‘rishga va Rossiyani SWIFTdan uzishga chaqirdi.
Kanada ham Ukrainaga qarshi hujumi munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Shuningdek, Belarusga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar joriy etdi.
“Ukrainada sodir bo‘layotgan o‘lim va vayronagarchilik uchun eng katta mas’uliyat aynan mana shu odamlar zimmasiga tushadi. Dunyo Prezident Putin tanlagan urush dahshatlariga guvoh bo‘lmoqda... Bu Ukrainaning 40 milliondan ortiq begunoh fuqarolari va butun insoniyat uchun vahshiylikdir”, degan Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo.
U yangi choralarni Kanada va uning ittifoqchilari tomonidan kiritilgan “kuchli muvofiqlashtirilgan sanksiyalar”ning uchinchi paketi deb atadi.
Kanada Rossiyani SWIFT pul o‘tkazmalari va to‘lov tizimidan uzish tarafdori.
24 fevral kuni Buyuk Britaniya hukumati VTB Bank, “Rostex” davlat korporatsiyasi va mudofaa kompaniyalari “OAK”, “OSK” va “Uralvagonzavod”ga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Ularning Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi, ular Britaniya moliya tizimiga kirishdan butunlay mahrum bo‘ladi va funt sterlingda to‘lovlarni amalga oshira olmaydi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi