Britaniya Ukrainaga o‘nlab Storm Shadow raketalarini topshirdi
Olam
−
11:51
1827Bir necha hafta oldin Britaniya hukumati Ukrainaga yana o‘nlab uzoq masofaga uchuvchi Storm Shadow qanotli raketalarini topshirgan. Bu haqda kecha, 25 noyabr kuni manbalariga tayanib, “Bloomberg” agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushi olib borayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da bergan Bosh vazir Kir Starmer hokimiyat tepasiga kelganidan beri Storm Shadow birinchi marta Kiyevga yetkazilmoqda.
Nashr suhbatdoshlari tezkor xavfsizlik nuqtai nazaridan yuborilgan raketalar soni va ularning uzatilish vaqtini ochiqlashdan bosh tortdi.
Agentlikning qayd etishicha, raketalar AQSH va Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun uzatilgan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash haqidagi yaqindagi qaroridan oldin o‘tkazilgan.
"Bloomberg", shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari o‘tgan hafta, Amerika ATACMS raketalari uchirilgandan bir kun o‘tib Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarga qarshi Britaniyaning Storm Shadow raketalarini birinchi marta qo‘llaganiga e’tibor qaratdi.
Ma’lumot uchun, Amerika matbuoti 17 noyabr kuni Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar berdi. Analogik qarorlar Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan ham qabul qilingani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida zarba bergandi. Bu bilan Ukraina Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘lladi. 20 noyabrda esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi nishonga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini otgani xabar qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirgandi. 21 noyabr kuni Rossiya o‘zining o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirdi. Kecha, 25 noyabr kuni Ukraina Kursk viloyatiga ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirdi.
LiveBarchasi