Britaniya Rossiyaning uchta yirik aviakompaniyasiga sanksiya kiritdi
Olam
−
19 may 2022
5248Buyuk Britaniya Rossiyaning “Aeroflot”, “Rossiya” va “Ural aviaqatnovi” aviakompaniyalarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Britaniya hukumati saytida e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, Britaniya ushbu uchta aviakompaniyalarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish bilan birgalikda ularning aktivlarini ham muzlatib qo‘ygan.
"Aeroflot" Rossiyadagi eng yirik aviakompaniya hisoblanadi. U strategik muhim transport sohasida faoliyat yuritib, Rossiya hukumatiga foyda keltiradi va uni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya Rossiya davlatiga tegishli bo‘lgani uchun u hukumat bilan bog‘liq yuridik shaxs sifatida ham ishlaydi", deyiladi xabarda.
“Ural aviaqatnovi”ga nisbatan sanksiya qo‘llanishi esa kompaniya Rossiya Federatsiyasi uchun strategik ahamiyatga ega faoliyatni amalga oshirayotgani bilan izohlangan.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha esa yangi cheklovlar “Aeroflot”ning Britaniya aeroportlarida qolgan slotlarini (parvoz kelishi yoki uchishi uchun ajratilgan vaqt) sotishdan foyda olishiga to‘sqinlik qiladi. TIVga ko‘ra, ushbu slotlarning narxi 50 million funt sterlingga (hozirgi kurs bo‘yicha 62 million dollar) teng.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi