BPdan Qoraqalpog‘iston voqealari sabab qamalgan ba’zi shaxslarga yengillik berish so‘raldi
Jamiyat
−
29 avgust 2022
7972Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya a’zolari Jo‘qorg‘i Kenges bilan birgalikda Bosh prokuraturadan ba’zi fuqarolarning qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirishni so‘radi.
Komissiya ma’lumotiga ko‘ra, yakkama-yakka shaklda o‘tkazilgan suhbat davomida ular vaziyatni yaxshi anglamagan holda yolg‘on axborotlar ta’siriga tushib qolishganini va sodir etgan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirgan. Ayniqsa, ayollar farzandlarini juda sog‘inishganini va bo‘lib o‘tgan voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarishganini ma’lum qilishgan.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Komissiya a’zolari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi shaxslarga mahalliy tuman kengashlari deputatlarini jamoatchilik kafilligi asosida biriktirish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Komissiya va Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati og‘ir hamda oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolarga insonparvarlik tamoyili asosida qamoq ehtiyot chorasini jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishini so‘rab Bosh prokuraturaga taklif kiritildi”, deyiladi komissiya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi