Boshqa davlatlarning Rossiya ishlariga aralashuvi bo‘yicha komissiya tuzildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi bugun, 23 mart kundagi yalpi majlisda quyi palataning Rossiya ichki ishlariga boshqa mamlakatlarning aralashuvi faktlarini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi qarori loyihasini qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, komissiya oldiga quyidagi vazifalar qo‘yiladi: 

•    xorijiy davlatlarning mamlakat ichki ishlariga aralashuvi faktlarini o‘rganish va tahlil qilish;

•    aralashuvga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik choralarini qabul qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

•    bunday faktlar to‘g‘risida xorijiy davlatlar parlamentlari, xalqaro jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Komissiya tarkibiga 15 kishi kirdi, u Dumadagi “fraksiyalarning mutanosib vakillik prinsipi” asosida deputatlardan tuzilgan, deyiladi qarorda. Komissiya tarkibiga “Yagona Rossiya” fraksiyasidan Vasiliy Piskarev, Yevgeniy Revenko, Mariya Butina, Oleg Matveychev, Dmitriy Savelev, Andrey Alshevskiy va Adalbi Shxagoshev, Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Aleksandr Yushenko va Yuriy Sinelshikov, Liberal-demokrat partiyasidan Andrey Lugovoy va Sergey Leonov, "Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun" fraksiyasidan Yana Lantratova va Mixail Delyagin, "Yangi odamlar" fraksiyasidan Roza Chemeris va Anton Tkachev kirdi. 

Deputatlar, shuningdek, ilova qilingan rezolyutsiya loyihasini qabul qilishdi, unga ko‘ra, Dumaning Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Vasiliy Piskarev komissiya raisi etib tayinlandi. Uning o‘rinbosarlari Alshevskiy, Delyagin, Lugovoy, Sinelshikov va Chemeris bo‘ldi.

“Rossiya Federatsiyasini qo‘shnilari bilan janjallashishiga va u yerda rangli inqiloblarni qo‘zg‘atishga bo‘lgan doimiy urinishlar to‘xtamayapti. 2020-2021 yillarda Belarusda va 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bunga yorqin misoldir. Biz hammamiz AQSH himoyachilarining Ukrainadagi jinoiy harakatlarini aniq ko‘rib turibmiz. Shu bois G‘arbning KXSHTga a’zo davlatlarning birodarlik ittifoqiga to‘sqinlik qilishga urinishlarini to‘xtatish uchun samarali va mashaqqatli ish talab etiladi”, deydi Vasiliy Piskarev.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin Rossiya-Ukraiana urushi

Baholaganlar

27

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing