BMT Rossiyaning tarafini oluvchi rezolyutsiyani qabul qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

BMT Inson Huquqlari Kengashi Jenevadagi 49-sessiyasida davlatlarni bir tomonlama sanksiyalarni qabul qilishni bas qilishga chaqirib, ulardan siyosiy va iqtisodiy bosim vositasi sifatida foydalanishni qoraladi. 30 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’qullangan rezolyutsiyaga 47 davlatdan 27 tasi, jumladan Rossiya, Xitoy va Hindiston ovoz berdi, 14 davlat, jumladan, AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va Ukraina qarshi chiqdi, olti delegatsiya esa ovoz berishda betaraf qoldi. 

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, Inson Huquqlari Kengashi “ayrim kuchlar” tomonidan mamlakatlarning “erkin va mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi”ni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida bosim vositasi sifatida, jumladan, siyosiy va iqtisodiy sanksiyalardan bir tomonlama foydalanish davom etayotganini keskin qoralaydi. Kengash “barcha davlatlarni xalqaro huquq va BMT Nizomiga zid bo‘lgan “bir tomonlama majburlov choralari”ni, shu jumladan “savdo munosabatlariga to‘siqlar yaratuvchi eksterritorial ta’sirga ega” choralarni qabul qilish, saqlab qolish yoki amalga oshirishni to‘xtatishga chaqiradi. Qarorda aytilishicha, mavjud bir tomonlama sanksiyalar BMT Nizomiga zid bo‘lgani uchun bekor qilinishi kerak. 

Inson huquqlari kengashi BMTda sanksiyalar qurbonlari uchun huquqiy himoya masalalari bilan shug‘ullanadigan “xolis va mustaqil mexanizm” yaratishga chaqirdi. U barcha davlatlarni bir tomonlama majburlov choralarining inson huquqlariga salbiy ta’siri bo‘yicha BMTning maxsus ma’ruzachisi bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. Hozir bu lavozimda belaruslik mutaxassis Yelena Dovgan ishlaydi. 

Hujjat uchun 27 davlat, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Venesuela, Hindiston, Xitoy va Kuba ovoz bergan. 14 davlat, jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Ukraina qarshi ovoz berdi. Olti davlat, jumladan Armaniston, Braziliya va Meksika ovoz berishda betaraf qolgan. 

Ma’lumot uchun, Rossiya Ukraina hududida harbiy operatsiyani boshlagan 24 fevraldan boshlab, dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiya va uning taniqli siyosatchilari, jumladan ishbilarmonlariga nisbatan yirik sanksiyalarni qo‘llashda davom etib kelmoqda. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing