BMT Rossiyadan “o‘pkasini bosib olishni” so‘radi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Rossiya Ukrainadagi nishonlarga navbatdagi zarbalar berishdan tiyilishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda 11 oktyabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Ravina Shamdasani ma’lum qildi. 

“Biz Rossiya Federatsiyasini vaziyatni yanada avj olishdan saqlanishga va tinch aholi qurbonlari va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiramiz”, deydi u. 

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Rossiya harbiylarining Ukraina infratuzilmasiga bergan zarbalari oqibatida kamida 12 tinch aholi halok bo‘lgan va 100 dan ortiq kishi jarohatlangan. Biroq, u bu ma’lumotni qaysi manbadan olganini aytmagan.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarbalar xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, urush tamoyilini buzishi mumkin.  

Uning ta’kidlashicha, yaqinlashayotgan qish oldidan asosiy elektr stansiyalari va liniyalarining shikastlanishi tinch aholini himoya qilish nuqtai nazaridan xavotir uyg‘otadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi. 

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 20 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi. 

Hujum ortidan AQSH Jo Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishiga va’da berdi.

Shuningdek, Germaniya Ukrainaga bir necha kun ichida avval va’da qilingan to‘rtta zamonaviy o‘rta masofaga mo‘ljallangan IRIS-T SLM Infra Red Imaging System Tail havo mudofaa tizimidan birinchisini yetkazib beradi. 

Bugun, 11 oktyabr kuni ertalab Ukrainaning Vinnitsa viloyatidagi Ladijin issiqlik elektr stansiyasiga ikkita “Shahed-136” kamikadze dronlari bilan hujum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Kievga hujum

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing