BMT IHK Rossiyaning Ukrainadagi qilmishlarini tekshirishga qaror qildi
Olam
−
13 may 2022
6354Kecha, 12 may kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining harakatlari natijasida inson huquqlarining buzilishini tergov qilishni boshlash to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan 33 davlat rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi, 12 davlat betaraf qoldi. Hujjatning qabul qilinishiga faqat Eritreya va Xitoy qarshi chiqdi.
Rezolyutsiya matnida Rossiya “xalqaro tashkilotlar vakillarining Ukrainaning mojarodan jabr ko‘rgan hududlaridagi tinch aholi oldiga zudlik bilan va to‘siqlarsiz kirishini ta’minlash”ga chaqirilgan.
Hujjatda e’tibor joriy yilning fevral-mart oylari oxirlarida Rossiya harbiylari nazorati ostida bo‘lgan Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumi hududlarida sodir etilgan inson huquqlari buzilishiga qaratilgan.
Qarorda IHK Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15