Blinken Aliyev va Pashinyanga nasihat qildi
Olam
−
06 aprel 2022
7253AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 5 aprel kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays bayonotiga ko‘ra, Amerika tashqi siyosat departamenti rahbari vaziyatni yumshatish zarurligini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Aliyev bilan suhbatda Blinken “o‘zini tiyishga, vaziyatni yumshatishga va diplomatiyani qayta boshlashga chaqirgan”. Pashinyan bilan suhbatda AQSH Davlat kotibi “hozir mintaqadagi vaziyatni yanada kuchaytirish vaqti emasligini” aytib, nasihat qilgan.
Praysning aniqlik kiritishicha, AQSH Davlat kotibi “Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini, jumladan, Aliyev, Pashinyan va Yevropa kengashi prezidenti Charlz Mishel o‘rtasidagi 6 apreldagi uchrashuvni qo‘llab-quvvatlagan.
Blinken AQSH ikki tomonlama asosda, shuningdek, hamfikr sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali yordam berishga tayyorligini, jumladan, YeXHT Minsk guruhi hamraisi sifatida ham yordam berishga tayyorligini ta’kidlagan. AQSH Davlat kotibiga ko‘ra, Vashington uzoq muddatli va keng qamrovli tinchlik o‘rnatishga yordam berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qo‘shinlari Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti javobgarlik zonasiga kirgani haqida bayonot berdi. Yakshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi Baku qo‘shinlarini Qorabog‘ning Farux (Farrux) aholi punktidan olib chiqqani haqida ma’lum qildi.
Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi uch tomonlama kelishuv shartlarini buzganini rad etdi. Shuningdek, Farrux qishlog‘idan qo‘shinlar chiqarilganini ham inkor etdi.
Bu orada tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat e’lon qilindi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi