Ozarbayjon Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotini rad etdi
Olam
−
28 mart 2022 10991 3 daqiqa
Ozarbayjon harbiylari Farrux (Furux) qishlog‘i va Qorabog‘dagi eng yaqin balandliklardagi o‘z pozitsiyalarida qolishda davom etmoqda, deya xabar berdi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi.
“Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi 27 martdagi bayonotida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bir qator holatlarni ko‘rsatgan. Xususan, Farrux qishlog‘i va unga yaqin balandliklardagi pozitsiyalarda o‘zgarishlar kuzatilmagan. Ozarbayjon harbiylari bu pozitsiyalardan chekingani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, armiyamiz operativ vaziyatni to‘liq nazorat qilyapti”, deyiladi xabarda.
Vazirlik, shuningdek, “Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan Ozarbayjon tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgani va Ozarbayjon harbiylari jarohat olgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini” ta’kidlagan.
“Rossiya Mudofaa vazirligining 26 va 27 martdagi bayonotlarida “Tog‘li Qorabog‘” atamasining qo‘llanilishi Ozarbayjon Respublikasining xalqaro hamjamiyat, jumladan, Rossiya Federatsiyasi tomonidan tan olingan va qabul qilingan hududiy yaxlitligiga hurmatsizlikdir”, deya qo‘shimcha qilgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi.
Avvalroq, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat joriy qilingani haqida xabar bergandik. Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari tinchlikparvar kuchlari javobgarligidagi hududlarga kirganini e’lon qilgandi.
O‘z navbatida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Tog‘li Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashtirilgan hududda qurolli hodisa ro‘y bergani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Mudofaa vazirligiga ko‘ra, kecha, 26 mart kuni ertalab noqonuniy arman qurolli kuchlari a’zolari Ozarbayjon armiyasiga hujum qilishga uringan. Zudlik bilan amalga oshirilgan harakat noqonuniy arman harbiylarini a’zolarini tark etishga majbur qilgan.
Keyinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi, shuningdek, muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon tomoni Furux aholi punkti hududidan o‘z bo‘linmalarini olib chiqqanini ta’kidlagandi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.