Yerevan mintaqadagi voqelikni buzib, vaziyatni keskinlashtirishga urinyapti – Baku
Olam
−
05 yanvar 2023
2269Armaniston Tashqi ishlar vazirligining Lochin yo‘lidagi norozilik haqidagi navbatdagi bayonoti tubdan asossiz ayblovlarni o‘z ichiga oladi va vaziyatni sun’iy ravishda og‘irlashtirish va mintaqa voqeligini buzib ko‘rsatishga qaratilgan. Bu haqda kecha, 4 yanvar kuni Ozarbayjon TIV matbuot xizmati e’lon qilgan navbatdagi bayonotda so‘z boradi.
Bakuning ta’kidlashicha, Yerevanning Ozarbayjonning mineral boyliklarini talon-toroj qilish borasidagi pozitsiyasi ajablanarli emas, chunki aynan Armaniston tomoni o‘nlab yillar davomida qo‘shni davlat konlarini noqonuniy o‘zlashtirishni davom ettirgan.
“Aftidan, arman tomoni hali ham Ozarbayjon hududida noqonuniy iqtisodiy va boshqa faoliyatga umid qilmoqda. Yerevanning mamlakatimiz hududiga muayyan missiyalar yuborish haqidagi chaqiriqlari Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi navbatdagi provokatsiya sifatida baholanmoqda”, deyiladi TIV xabarida.
Bayonotda Lochin yo‘lagi bo‘ylab tabiiy resurslarning Armanistonga eksport qilinishi 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotni qo‘pol ravishda buzish ekanligi ta’kidlangan.
Sharhda aytilishicha, Ozarbayjon hukumati 2021 yil noyabr oyidan beri Rossiya harbiylari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududlarida noqonuniy iqtisodiy faoliyatni to‘xtatishga chaqirib keladi va muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga so‘nggi urinish 2022 yilning 3-10 dekabr kunlari amalga oshirilgan.
“Barcha urinishlarga qaramay, arman tomoni murojaatlarni e’tiborsiz qoldirib, tegishli tuzilmalar hududiga kirishga to‘sqinlik qildi va noqonuniy faoliyatni davom ettirishga urindi. Bu harakatlarning barchasi Ozarbayjon jamoatchiligining adolatli noroziligiga sabab bo‘ldi, shu munosabat bilan faqat insonparvarlik maqsadlari uchun mo‘ljallangan Lochin yo‘lidan foydalanishni to‘xtatish talabi bilan tinch aksiya o‘tkazilmoqda”, deyiladi Ozarbayjon TIV xabarida.
Ayni paytda norozilik namoyishlari go‘yoki Lochin yo‘lining yopilishiga olib keldi va insonparvarlik inqiroziga sabab bo‘ldi, degan da’volar ham birdek asossiz. Kunduzi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va tinchlikparvar kontingentning avtomobillari, tez tibbiy yordam mashinalari yo‘l bo‘ylab bemalol o‘tayotgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Bundan tashqari, Ozarbayjon hukumati ham, fuqarolik jamiyati vakillari ham arman aholisi boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan barcha insonparvarlik ehtiyojlarini zudlik bilan ta’minlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, Ozarbayjonni 23 kundirki, butun dunyoning ko‘z o‘ngida (tan olinmagan – tahr.) Tog‘li Qorabog‘ aholisini etnik tozalash siyosatini davom ettirib, majburan deportatsiya qilishga undayotganini aytib chiqqandi. Bayonotda Yerevan gumanitar vaziyatni baholash, Qorabog‘ga gumanitar yordamlarning to‘siqsiz kirishini ta’minlash uchun Tog‘li Qorabog‘ va Lochin yo‘lagiga xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborish zarur deb hisoblashi aytilgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 12 dekabr kuni o‘zlarini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Baku norozilik aksiyasidan maqsad hech qanday yo‘lni to‘sib qo‘yish emasligini, fuqarolik vositalari har ikki yo‘nalishda ham erkin harakatlana olishini bildirdi.
Yerevan buni Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi. Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan avvalroq Yerevan BMT va YeXHT Minsk guruhini Lochin koridoriga baholash missiyasini jo‘natishga chaqirgani haqida xabar bergan edi. Respublika Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida ma’lum qilganidek, Tog‘li Qorabog‘da qamal tufayli oziq-ovqat taqchilligi boshlangan. 14 dekabr kuni Armaniston Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga Ozarbayjonni Lochin yo‘lagini ochishga majburlash talabi bilan murojaat qildi.
LiveBarchasi
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023