Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat falokatga olib kelishi mumkin – Mirzoyan

Olam

image

Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan kecha, 15 dekabr kuni Buyuk Britaniyaning Janubiy va Markaziy Osiyo, BMT va Hamdo‘stlik bo‘yicha davlat vaziri Tarik Ahmad bilan Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat insonparvarlik falokatiga olib kelishi mumkinligini aytdi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

“Ararat Mirzoyan Janubiy Kavkazdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini tartibga solish, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi atrofidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida axborot berdi. Armaniston tomoni Ozarbayjonning Lochin yo‘lagi bo‘ylab harakatlanishni to‘sib qo‘yishi va harakatni buzish oqibatlarini aytib berdi. Tog‘li Qorabog‘ni gaz bilan ta’minlash, Arsax (tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi)da gumanitar inqirozga yuz tutayotganini va agar vaziyat hal etilmasa, bu falokatga olib kelishini ta’kidladi”, deyiladi xabarda. 

Armaniston Tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, Ozarbayjon rahbariyatining harakatlari, jangarilarning ritorikasi va ekstremistik yondashuvi Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikka erishish imkoniyatiga jiddiy tahdid solmoqda.

Joriy yilning 12 dekabr kuni o‘zini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Yerevan bu qadamni rasmiy Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi.

Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari Qorabog‘ viloyatidagi Shusha-Lochin yo‘lida rossiyalik harbiylarning vaqtinchalik nazorati ostidagi hududlarni kuzatish taqiqlanganini qoralagan mitingni hamon davom ettirmoqda. 

Faollar ekologik terror, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, Rossiyaning Qorabog‘dagi harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqda.


 


Maqola muallifi

Teglar

Tog'li Qorabog' Qorabog' mojarosi Lochindagi mojaro

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing