“Biz dushman emasmiz". Rossiya maxsus kuchlari Ukraina harbiylariga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Rossiya maxsus kuchlari Kiyev yaqinida Ukraina Qurolli kuchlari harbiylariga murojaat qildi. Bu haqda Rossiya armiyasining Ukrainadagi maxsus operatsiyasini yoritayotgan "Rossiya bahori" ma’lum qildi.

“Ukraina harbiylariga murojaat qilaman. Biz amerikaliklar emasmiz va sizlarga demokratiya keltirmaymiz. Agar sizda bo‘lsa, biz unga tegmaymiz. Ukraina Ukraina bo‘lib qoladi.

Yaqin kunlarda sizni xorijliklarga sotayotgan rejim kuchini olib tashlaymiz. Bu chirigan tizim uchun hayotingizni behuda sarflamang, ularni Vataningiz va yaqinlaringiz uchun asrang”, deydi harbiy murojaatchilar.

Ularga ko‘ra, Ukrainaning amaldagi rahbariyati Yevropa va NATOga yaqinlashish orqali Rossiyaning jig‘iga tekkan. Harbiylar Ukraina va uning xalqiga dushman emasliklarini iddao qilmoqda. 

“Rossiyani dushman deb, NATOni bu yerga taklif qilib, bizga boshqa chora qoldirmadi. Biz dushman emasmiz. Birozdan so‘ng bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Bizga tegmang biz sizga tegmaymiz”, deydi Rossiya harbiylari.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina harbiylariga murojaat qilib, ulardan qurollarini tashlashni, amaldagi davlat rahbari va Hukumatni ag‘darib, boshqaruvni o‘z qo‘llariga olishlarini taklif qilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing