“Bir-birimizdan bunchalik uzoqlashib ketamiz deb o‘ylamagandim”. Pele Putinga xat yozdi

Sport

image

Braziliyalik futbolchi Pele Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llab, Ukrainadagi  bosqinni to‘xtatishga chaqirdi. U o‘zining maktubini Instagram’dagi sahifasiga joyladi.

Pele o‘z postini Jahon Chempionati-2022 pley-off bosqichining (3:1) yarim finalida kurashayotgan Ukraina va Shotlandiya o‘rtasidagi o‘yin oldidan e’lon qildi.

“Vladimir Putin, Ukraina terma jamoasi kamida 90 daqiqa o‘z mamlakatini qamrab olgan fojiani unutishga harakat qilmoqda. Jahon Chempionatiga chiqish juda qiyin vazifa. Ko‘plab odamlarning hayoti xavf ostida qolayotgan vaziyatda bu deyarli imkonsizga aylanadi.

Men ushbu o‘yindan iltimos qilish imkoniyati sifatida foydalanmoqchiman: buni to‘xtating! Davom etayotgan zo‘ravonliklarni mutlaqo oqlab bo‘lmaydi.
 
Bu to‘qnashuv shafqatsiz, asossiz va og‘riq, qo‘rquv, dahshat, azobdan boshqa hech narsa keltirmaydi. Buni davom ettirish uchun hech qanday sabab yo‘q.

Avvalroq uchrashgan vaqtimizda, bir-birimizga tabassum bilan uzoq vaqt qo‘l berib ko‘rishganimizda, bir-birimizdan bunchalik uzoqlashib ketamiz deb o‘ylamagandim. Qurolli to‘qnashuvlar faqat xalqlarni bir-biridan ajratish uchungina mavjud. 

Men o‘z xalqi xavfsizligi uchun vahshiyliklarni targ‘ib qilgan umurtqasiz rahbarlarni eshitgan va urushlarni ko‘rgan sakson yilni yashadim. 

Bu urushni to‘xtatish sizning qo‘lingizda. 2017 yil Moskvadagi so‘nggi uchrashuvimiz vaqtida men ko‘rishgan o‘sha qo‘llarda”, deb yozadi sobiq futbolchi.

Ma’lumot o‘rnida, Pele futbol bo‘yicha yagona uch karra Jahon chempioni (1958, 1962, 1970). U Braziliya terma jamoasi safida 92 ta o‘yin o‘tkazib, 77 ta gol urgan. Pele Xalqaro futbol federatsiyasi talqiniga ko‘ra, XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Forvard Braziliyaning “Santos” (1956-1974) va Amerikaning “Nyu-York Kosmos” (1975-1977) klublarida o‘ynagan. Braziliyalik futbolchi faoliyatidagi 1279 ta gol muallifi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Avvalroq, Myunxenning “Bavariya” klubi futbolchisi Tomas Myuller Ukrainadagi vaziyat haqida fikr bildirib, urushni to‘xtatishni so‘ragan edi.

“Uch oy oldin biz Kiyevda o‘ynagandik. Nima bo‘layotganiga haligacha ishonmayapman”, deb yozgandi u o‘zining Instagram’dagi sahifasida.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Pele Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

189

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing