Bayden urush maydoniga aylangan Ukrainaga borishga tayyorligini aytdi
Olam
−
15 aprel 2022 6658 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Jo Bayden shaxsan Ukrainaga borishga tayyor. Bayden bu haqda kecha, 14 aprel kuni Merilenddagi Endryus qo‘shma bazasida gapirgan, deya xabar berdi Oq uy.
AQSH Ukrainaga yuqori martabali amaldorlarni yubormoqchimi, degan savolga Bayden dastlab bu qaror hozir qabul qilinayotganini aytgan. Kim borishi mumkinligi so‘ralganda, Bayden hazil bilan jurnalistdan:
“Ketishga tayyormisiz?” deya so‘ragan.
Jurnalist savolga javoban: “Sizchi?” degan. AQSH Prezidenti: “Ha”, deb javob bergan.
Amerika OAVlari Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan birdamlik belgisi sifatida Kiyevga yuqori martabali amaldorning tashrifini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yoki Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kiyevga tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan nomzodlar deb topilgan.
Avvalroq, AQSH senatori Stiv Deyns va Vakillar palatasi a’zosi Viktoriya Shparts Kiyev va uning chekka hududlariga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr