Bayden Ukrainaga HIMARS berilishini e’lon qildi

Olam

image

AQSH hukumati Ukrainaga 700 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etmoqda. Unga HIMARS (High Mobility Artillery Rocket Systems) yalpi hujum reaktiv tizimlari (YAHRT) va ularning o‘q-dorilari ham kiradi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden va Davlat kotibi Entoni Blinkenning kecha, 1 iyun kuni e’lon qilgan bayonotlarida aytiladi.

Amerika rahbarining ta’kidlashicha, gap “Ukraina harbiylariga o‘z vaqtida va muhim yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan yangi paket” haqida ketmoqda. U AQSH Kiyevga harbiy sohada yordam berishda davom etishiga ishontirgan.

“Yangi [yordam] paketi ularni yangi aktivlar va eng yangi qurollar, jumladan HIMARS bilan ta’minlaydi”, deydi Bayden.

Blinkenning aniqlik kiritishicha, bu Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan beri Kiyevga yuborilayotgan 11-harbiy yordam paketi. Davlat kotibi bergan hisob-kitoblarga ko‘ra, Vashington o‘shandan beri Kiyevga mudofaa uchun 4,6 milliard dollarga yaqin yordam o‘tkazgan. Blinken yangi paket qariyb 40 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lardan ajratilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Pentagonda ma’lum qilinishicha, Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan va AQSH shtablari boshliqlari raisi general Mark Milli ukrainalik hamkasblari, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak va Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni general Valeriy Zalujniy bilan telefon orqali suhbatlashgan va yangi yordam paketini muhokama qilgan.

Yangi yordam paketiga quyidagilar kiritilmoqda:

•    yuqori harakatlanuvchi artilleriya raketa tizimlari va o‘q-dorilar
•    5 ta artilleriyaga qarshi radar;
•    2 ta harbiy kuzatuv radari;
•    1000 ta Javelin
•    6000 ta tankga qarshi qurol:
•    15 000 ta kalibri 155 mm.li artilleriya snaryadlari;
•    4 ta Mi-17 vertolyoti;
•    15 ta taktik mashina
•    ehtiyot qismlari va uskunalar.

Eslatib o‘tamiz, matbuotda Vashington Ukrainaga HIMARS tizimlarini berishi haqida xabarlar tarqalgach, Rossiya tomoni AQSHga norozilik bildirgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing