Bayden Ukraina va Yevropaga $13,6 mlrd yordam berishga ruxsat oldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 9 mart kuni AQSH Kongressi yetakchilari Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilariga yordam uchun 13,6 milliard dollar ajratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Oq uy rahbari Jo Bayden Kongres yetakchilaridan dastlab harbiy, gumanitar va iqtisodiy yordam uchun 10 milliard dollar so‘ragan, biroq AQSH parlamentida Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p bo‘lgani sababli joriy yilning 7 mart kuni ushbu ko‘rsatkich 12 milliard dollarga, kecha, 8 mart kuni esa 13,6 milliard dollarga yetgan.

“Biz ular bilan zulm va zo‘ravonlik yo‘li bilan bo‘ysundirish harakatlariga qarshi turamiz”, deydi AQSH Prezidenti Kongressdagi nutqida.

Qayd etilishicha, 4 milliard dollardan ortiq miqdordagi mablag‘ Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirishga hamda Sharqiy Yevropa davlatlariga qochib kelgan 2 million qochqin muammosini hal qilish uchun sarflanadi. Yana 6,7 milliard dollar Amerika qo‘shinlari va texnikalarini mintaqaga olib kirish hamda AQSH harbiy texnikasini Ukraina va mamlakat ittifoqchilariga o‘tkazish, shuningdek, iqtisodiy yordam va Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashga yo‘naltirilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing