Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Avstraliya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani munosabati bilan bilan 67 nafar rossiyalikka nisbatan sanksiya joriy qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Maris Peyn NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasida ma’lum qildi. 

“Bugun men Putinga yaqin bo‘lgan 67 nafar Rossiya elitasi a’zolari va oligarxlarga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilaman”, deydi Peyn.

Qayd etilishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya Federatsiyasi hukumati rahbari o‘rinbosari – hukumat apparati rahbari Dmitriy Grigorenko, Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov, Rossiya Davlat Dumasi raisi o‘rinbosari Aleksandr Babakov va boshqa bir qator shaxslar kiritilgan. 

Bundan tashqari, ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish shtab-kvartirasi rahbari, Milliy mudofaa nazorati markazi rahbari, general-polkovnik Mixail Mizinsev qo‘shilgan. Cheklovlar, shuningdek Melitopol meri vazifasini bajaruvchi Galina Danilchenko va Oliy Radaning muxolifat platformasi – "Hayot uchun" deputati Oleg Voloshinga ham tegishli.

Avstraliya TIV rahbariga ko‘ra, gap moliyaviy sanksiyalar hamda  yuqoridagi shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlash haqida ketmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing