Arzonlashgan benzin, qatl etilgan K-pop muxlislari, halokat yoqasiga kelgan Aydar-Arnasoy...Bugun nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image
Bugun, 17 dekabr kuni O‘zbekiston va jahonda ko‘plab muhim voqeliklar sodir bo‘ldi. O‘zbekistonda benzin narxi arzonlashtirilgan bir paytda, Shimoliy Koreyada K-pop muxlislari qatl etildi, fuqarolarga esa kulish taqiqlandi. Shu kabi qaynoq yangiliklar tafsiloti bilan quyida tanishing.

Jamiyat

Toshkentda reyd: Malibu haydovchisi chaqirgan soxta xodimlar YPX inspektorlariga tahdid qildi

Toshkentda “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o‘tkazilgan reyd tadbirlaridan birida o‘zini “xodim” deb tanishtirgan shaxs Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini haqoratladi.

“Toshkent” telekanalida e’lon qilingan lavhada reyd davomida Malibu avtomobili hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatilganini ko‘rish mumkin. Avtomobil boshqaruvidagi ayol esa YPX xodimning so‘roviga javob bermay, telefon orqali tanishlarini chaqirgan.

Qo‘ng‘iroqdan so‘ng yetib kelgan ikki kishi YPX xodimlarini haqoratlab, ularga tahdid qilishgacha borgan. Ular shuningdek, voqeani tasvirga olayotgan operatorga ham tahdid qilgan.

Benzin narxi arzonlashtirildi

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi 6500 so‘m qilib belgilandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, benzin taqchilligini oldini olish va uning narxlarini arzonlashtirish borasida “O‘zbekneftgaz” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “Tovar xomashyo birjasi” AJ hamkorligida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Toshkent viloyatidan poytaxtga 8 ta mahalla o‘tkazildi

Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi 8 ta mahalla Toshkent shahrining Yashnobod tumaniga o‘tkazildi. Bu haqda Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi ma’lum qildi.

Xususan, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan hududlarda olib borilgan xatlov ishlari natijalariga ko‘ra, Qibray tumanidan Yashnobod tumaniga jami 2107,4 ga yer, shundan 1002,6 ga qishloq xo‘jaligi yer maydoni o‘tkazildi.

Mirziyoyev va rafiqasi Seuldagi milliy qabristonga bordi

Bugun, 17 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seuldagi milliy qabristonga tashrif buyurib, marhumlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.

Bu yerda Koreya mustaqilligi uchun kurashgan hamda urushlarda halok bo‘lgan insonlar, mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shgan davlat va jamoat arboblari dafn etilgan. Shu bois u tabarruk qadamjo sifatida e’zozlanadi. Xorijiy davlatlar rahbarlarining bu yerga kelishi koreys xalqiga hurmat ifodasi hisoblanadi.

O‘quvchilarning qishki ta’til kunlari belgilandi

Maktab o‘quvchilari uchun II chorakning so‘nggi kuni 27 dekabrga to‘g‘ri kelib, 28 dekabr kuni qishki ta’tilning ilk kuni sanaladi.

Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, ta’til 14 kalendar kun, ya’ni 2022 yil 10 yanvargacha davom etadi. 

III chorak 2022 yilning 11 yanvaridan boshlanadi.

Yangi dizayndagi 50 ming so‘mlikda xatolik ketgan

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning 22 dekabridan muomalaga chiqariladigan yangi dizayndagi 50 000 so‘mlik va 100 000 so‘mlik banknotlar qanday bo‘lishini e’lon qilgandi. Fuqarolar yangi dizayndagi 50 000 so‘mlik banknotda xatolik ketganini aniqladi.

Gap shundaki, 50 000 so‘mlik banknot namunasining old tomonida “Al-Hakim at-Termiziy” maqbarasi tasviri tushirilganligi, ammo maqbara nomi “Abu Iso at-Termiziy” deb yozilgan.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi halokat yoqasida. Senatorlar hukumatga so‘rov yubordi

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishda qator muammoli masalalar saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillarda suv hajmi 37,4 mlrd m3 gacha pasaygan va suv tarkibining sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga ortga chekinib, 15–20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘lgan.

Shu munosabat bilan kecha, 16 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida sho‘rlanish, baliqlarning kamayib ketayotgani va boshqa muammolarni hal qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.

Olam

Sharof Rashidovning qizi vafot etdi

Joriy yilning 14 dekabr kuni taniqli olim, jamoat arbobi Svetlana Sharofovna Rashidova 70 yoshida AQSHda vafot etdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi “Tashkent Retrospective” guruhida ma’lum qilingan.

Svetlana Rashidova 1952 yil 1 martda Toshkent shahrida O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi bosh kotibi Sharof Rashidov oilasida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining romano-german fakultetini tamomlagan. Moskva davlat universitetida chet el adabiyoti fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Toshkent davlat universitetining roman-german fakultetida ishlagan.

Yaqin kelajakda dunyoda global urush yuz berishi bashorat qilindi 

Amerikalik xavfsizlik bo‘yicha ekspert Endryu Mishta yaqin besh yil ichida buyuk davlatlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. U o‘z fikrlarini “The Wall Street Journal” maqolasida bayon qilgan. 

Sharh muallifiga ko‘ra, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik xavfi avvalgidan ancha yuqori. Maqolada aytilishicha, qarama-qarshilik, masalan, ikki davlat o‘rtasida Tayvanga egalik qilish bo‘yicha kelishmovchilik tufayli qizg‘in bosqichga kirishi mumkin. 

Mishtaning fikricha, boshqa qudratli davlatlar Amerika armiyasining bunday urush formatiga tayyor emasligi sababli AQSHga qarshi chiqishni xohlaydi. Shu bilan birga, Pentagonga Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish uchun taxminan 15 yil kerak bo‘ladi. 

G7 davlatlari insoniyat uchun asosiy tahdid nimaligini aytdi 

“Katta yettilik” mamlakatlari koronavirusning “omicron” shtammi tarqalishining yuqori tezligini inson salomatligi uchun eng jiddiy tahdid deb tan oldi. Bu haqda Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida xabar berilgan.  

Ular muammoga imkon qadar tezroq yechim topish uchun davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va mavjud ma’lumotlarni almashishga chaqirgan. 

Qo‘shma bayonotda emlash va infeksiyani tashxislashda teng imkoniyatlarni ta’minlash zarurligi qayd etilgan. 

Moskvada talabalarni ISHIDga jalb qilgan shaxs ushlandi. U markaziy osiyolik

Bugun, 17 dekabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Moskvadagi talabalar yotoqxonasida yoshlarni ISHID terrorchilik tashkiloti safiga jalb qilib kelgan markaziy osiyolikni qo‘lga oldi. Bu haqda TASS FXXning Moskva va Moskva viloyati boshqarmasiga tayanib, xabar berdi.

Shubhali shaxs Rossiya texnologiya universiteti yotoqxonasida ushlangan. U talabalarni terrorchilik va ekstremistik harakatlarga jalb qilish bilan shug‘ullangan. Uni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya FXX tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Shimoliy Koreyada kulish taqiqlandi

Shimoliy koreyaliklarga sobiq Prezident Kim Chen Ir vafotining 10 yilligi munosabati bilan 11 kun davomida kulish va spirtli ichimlik ichish taqiqlandi. Bu haqda “Daily Mail” nashri yozmoqda.

Qayd etilishicha, hukumat rasmiylari Shimoliy Koreyada sobiq Prezidentning o‘limini xotirlash paytida jamoatchilikka hech qanday baxt belgisini ko‘rsatmaslikni buyurgan.

Qayd etish joizki, Kim Chen Ir Shimoliy Koreyani 1994 yildan 2011 yilgacha (vafotigacha) boshqargan, so‘ngra uning o‘rniga uchinchi va kenja o‘g‘li, hozirgi yetakchi Kim Chen In kelgan.

Shimoliy Koreyada K-pop muxlislari qatl etildi

Shimoliy Koreyaning yetti nafar fuqarosi Janubiy Koreyaning K-pop guruhlari kliplarini tomosha qilgani va tarqatgani uchun qatl etildi.Mazkur holat yuzasidan “The New York Times” Seuldagi TJWG nohukumat huquq tashkiloti hisobotiga tayanib ma’lumot bergan.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In  K-pop musiqasini  “koreyslar ongini buzuvchi”deya ta’kidlagan, shuningdek u K-pop musiqasi va G‘arb madaniyatiga qarshi kurashish uchun o‘lim jazosi berilishini aytgan. Qatl etilganlarning oilalari bu dahshatli hodisani kuzatishga majbur bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Sport

Akbar Jo‘rayev Jahon chempionligini qanday qo‘lga kiritdi?

Kecha, 16 dekabr kuni Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatining 9-kunida erkaklar o‘rtasida 109 kggacha bo‘lgan vaznli atletlar o‘rtasida final bellashuvi o‘tkazildi va unda Akbar Jo‘rayev g‘alaba qozonib, Jahon chempioniligini qo‘lga kiritdi.

Kecha, 16 dekabr kuni Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatining 9-kunida erkaklar o‘rtasida 109 kggacha bo‘lgan vaznli atletlar o‘rtasida final bellashuvi o‘tkazildi va unda Akbar Jo‘rayev g‘alaba qozonib, Jahon chempioniligini qo‘lga kiritdi.

Dast ko‘tarish bahslarida o‘zbekistonlik Akbar Jo‘rayev kichik oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu mashqda kumush medal 188 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirgan armanistonlik Simon Martirosyanga nasib etdi. 3-o‘rinni esa 185 kg natija ko‘rsatgan Ruslan Nuriddinov egalladi.

Prof boks kechasida kimlar ringga ko‘tariladi?

Bugun, 17 dekabr kuni “Matchroom Boxing” kompaniyasi tomonidan Toshkentda professional boks oqshomi tashkil etiladi.

Kechaning markaziy jangida Isroil Madrimov (7-0-0) fransiyalik Mishel Soroga (35-2-1) qarshi bahs olib boradi. Ayni paytda Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-pog‘onani egallab turibdi. G‘olib bokschi chempionlik jangi uchun majburiy da’vogarga aylanadi.

Kecha, 16 noyabr kuni o‘tkazilgan vazn o‘lchash marosimida barcha charm qo‘lqop ustalari vazn me’yorni bajardi. 

Shuningdek, oqshom doirasida Shahram G‘iyosov (11-0-0), Hasanboy Do‘smatov (3-0-0), Bektemir Meliqo‘ziyev (7-1-1), Iqboljon Xoldorov (1-0-0), Elnur Abduraimov (7-0-0) va prof boksda debyut qilayotgan Dilshodbek Ro‘zmetov ringga ko‘tariladi.

Bugun, 17 dekabr kuni “Matchroom Boxing” kompaniyasi tomonidan Toshkentda professional boks oqshomi tashkil etiladi.

Kechaning markaziy jangida Isroil Madrimov (7-0-0) fransiyalik Mishel Soroga (35-2-1) qarshi bahs olib boradi. Ayni paytda Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-pog‘onani egallab turibdi. G‘olib bokschi chempionlik jangi uchun majburiy da’vogarga aylanadi.

Dilshodbek Ro‘zmetov dastlabki jangda g‘alaba qozondi

Bugun, 17 dekabr kuni “Matchroom Boxing” kompaniyasi tomonidan Toshkentda tashkil etilgan professional boks oqshomi bo‘lib o‘tmoqda. Dastlabki jangda prof boksda debyut qilayotgan Dilshodbek Ro‘zmetov Rossiyalik Maksim Smirnovni mag‘lubiyatga uchratdi. 6 raund davom etgan bahsda barcha hakamlar Ro‘zmetovning g‘alabasini qayd etishdi.

Kechaning markaziy jangida Isroil Madrimov (7-0-0) fransiyalik Mishel Soroga (35-2-1) qarshi bahs olib boradi. Ayni paytda Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-pog‘onani egallab turibdi. G‘olib bokschi chempionlik jangi uchun majburiy da’vogarga aylanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

190

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing