Armaniston taslim bo‘ldi. Tog‘li Qorabog‘da urush tugaydi

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘da urush to‘xtadi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar to‘xtatilishi haqida ma’lum qildi. Bu haqda Hukumat rahbari Facebook’dagi rasmiy sahifasida bayonot berdi

Pashinyan urush to‘xtatilishi uchun juda og‘ir va qiyin bayonot imzolaganini ma’lum qilgan. Unda shunday deyiladi:

“Aziz vatandoshlar, opa-singillar va aka-ukalar.

Men o‘zim va sizlar uchun juda qiyin qarorni qabul qildim.

Men Rossiya va Ozarboyjon prezidentlari bilan Qorabog‘ urushini [10 noyabr kuni] soat 01:00 da to‘xtatish haqida bayonotni imzoladim. E’lon qilingan bayonotning matni shaxsan men uchun va xalqimiz uchun nihoyatda og‘riqli.

Men bu qarorni harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilib va undan yaxshi xabardor bo‘lgan odamlarning baholashlariga ko‘ra qabul qildim. Shuningdek, qarorim hozir paydo bo‘lgan vaziyatda bu mavjud eng yaxshi yechim ekanligiga asoslangan. Bularning barchasi haqida yaqin kunlarda batafsil gapirib beraman.

Bu g‘alaba emas, lekin toki siz o‘zingizni mag‘lub hisoblamas ekansiz, mag‘lubiyat ham emas. Biz hech qachon o‘zimizni mag‘lub sanamaymiz, bu bizning milliy birligimiz va uyg‘onish asrimizning ibtidosi bo‘lishi lozim.

Biz kelajagimizni rejalashtirib, o‘tmish xatolarini takrorlamasligimiz uchun mustaqillik yillarimizni tahlil qilishimiz kerak.

Men barcha shahidlarimiz oldida tiz cho‘kaman. Vatanini joni bilan himoya qilgan va qilayotgan barcha askarlarimiz, zobitlarimiz, generallarimiz, ko‘ngillilarimiz qarshisida egilaman. Ular Arsax armanlarini qutqarishda jonbozlik ko‘rsatishdi.

Biz oxirigacha kurashdik. Va biz g‘alaba qozonamiz. Arsax turibdi.

Armanistonga shon-sharaflar! Yashasin Arsax!

Nikol Pashinyan”.

Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tog‘li Qorabog‘da urushni butkul to‘xtatish haqida qo‘shma bayonot imzolaganini tasdiqladi.

“Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va RF Prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish haqida qo‘shma bayonot imzoladi”, degan Peskov.

Avvalroq, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi eng muhim shahar Shushani nazoratiga olgani haqida xabar bergan edik. Navbatdagi mo‘ljal esa Qorabog‘ poytaxti Xonkandi (Stepanakert) shahri bo‘lib turgandi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

271

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing