Armaniston Prezidenti Qorabog‘ bo‘yicha sulhga qarshi chiqdi

Olam

image

Ma’lumki, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezident Vladimir Putin, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasida o‘t ochishni to‘xtatish va egallab olingan hududlarni o‘zaro almashish bo‘yicha bayonotni imzolagan edilar. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ushbu bayonot haqida Prezident Armen Sarkisyanni boxabar qilmagan. Prezident hujjat imzolangani haqida boshqalar qatori OAVdan eshitganini aytmoqda. 

Parlament va parlamentdan tashqari kuchlar bilan siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirgan holda, Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan Milliy Majlisning “Mening qadamim” parlament fraksiyasi vakillari bilan uchrashib, mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildi va Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama hujjatga munosabat bildirdi. 

Uning qayd etishicha, Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston tomonidan imzolangan hujjat Tog‘li Qorabog‘ning yakuniy maqomini belgilamaydi. U YeXHTning Minsk guruhi imkon qadar tezroq ish boshlashi kerakligini aytdi. 

“Bu Minsk jarayoni emas, bu uch tomonlama bayonot, sulhdir. Arsax (tahr. – tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi)ning yakuniy maqomini hal qilish bo‘yicha vakolat ega Fransiya, AQSH va Rossiya hamraisligidagi Minsk jarayoniga qaytish uchun darhol zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak”, deydi Sarkisyan.

Ma’lumot o‘rnida, Qorabog‘dagi mojaro 1988 yilda, Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqishini e’lon qilganida boshlangan. 1992-1994 yillardagi qurolli to‘qnashuv paytida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va unga qo‘shni yetti viloyat ustidan nazoratni yo‘qotdi. 1992 yildan beri nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha uchta hamrais – Rossiya, AQSH va Fransiya rahbarligidagi Minsk guruhi doirasida muzokaralar olib borilmoqda.

Joriy yilning 27 sentyabr kuni Qorabog‘ mojaroli zonasida yana qurolli to‘qnashuvlar boshlangandan keyin ko‘plab mamlakatlar tomonlarni og‘ir-vazmin bo‘lishga, masalani Minsk jarayonida hal qilishga chaqirdi. Birgina Turkiya endi bu muammoni qurolsiz yechishning yo‘li yo‘qligini, Minsk guruhi 30 yildan buyon Ozarbayjonning yerlari bosib olinishiga tomoshabin bo‘lib kelayotganini aytdi

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli to‘qnashuv joriy yilning 27 sentyabr kuni boshlangandi. Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qildi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.

Tomonlar uch marta sulh tuzdi. Ammo ularning hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmadi.

Joriy yilning 8 noyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi muhim ahamiyatga ega Shusha shahrini ozod qilishi bilan harbiy harakatlarda tub burilish yasaldi. Endilikda Ozarbayjon harbiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ma’muriy markazi Xonkandi (Stepanakert)ga hujum qilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay esa tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta tumanni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.

Shuningdek, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi. Ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yo‘lakka joylashtiriladi. Rasmiy Baku tez orada nazoratiga o‘tuvchi Lochin tumani hududida barpo qilinadigan yo‘lakdan har ikki tomon fuqarolari xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.

Farruxjon Murodqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Armen Sarkisyan

Baholaganlar

198

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing