“Anonymous” xakerlari Rossiyaga kiberurush ochdi
Olam
−
25 fevral 2022
13865“Anonymous” xalqaro xakerlar tarmog‘i Rossiyaga kiberhujumlar uyushtirganini ma’lum qildi. Ular Rossiyaning “Russia Today” kanaliga DDoS hujumi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
“Anonymous jamoasi Rossiya hukumatiga qarshi kiberurush holatida”, deb yozilgan guruhning Twitter sahifasida.
Xakerlar, Rossiyaning “Russia Today” kanalidagi DDoS hujumlari ortida ham o‘zlari turganini da’vo qilmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiyaning internet provayderlari, Kreml va Federal monopoliyaga qarshi xizmatning rasmiy veb-saytlari ham hujumga uchragan.
Ukraina manbalariga ko‘ra, xakerlar guruhi Rossiya Mudofaa vazirligi veb-saytini buzgan va hozirda Rossiya qo‘shinlari Kiyevni keng ko‘lamli bombardimon qilishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan.
Ma’lumot o‘rnida, Kompyuter hodisalari bo‘yicha milliy muvofiqlashtirish markazi Ukrainada davom etayotgan harbiy operatsiya fonida Rossiya axborot resurslariga, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlariga kompyuter hujumlari intensivligining kuchayishi xavfi haqida ogohlantirgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi
26 noyabr