Andijonda motamsaro ona haykalining quchog‘ida video olgan 37 yoshli tiktoker qamaldi (video)
Jamiyat
−
19 may 2021
17944O‘zbekistonda haykallar oldida nojo‘ya video olgan tiktokerlarga qonuniy jazo berish holatlari ayniqsa, so‘nggi paytlarda ko‘paydi. Bu safar Andijon viloyatidagi motamsaro ona haykalining quchog‘ida video olgan tiktoker, 3 farzandning otasi — Zafar Kimsanov 15 sutkaga qamaldi.
Videoda uning motamsaro ona haykali ustiga chiqib, yotib olib, “onaxonning quchog‘ida yotibman, uning kimligini bilmayman”, deya hurmatsizlik qilganini ko‘rish mumkin.
Kimsanovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga asosan, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ma’lumot uchun, motamsaro ona haykali Ikkinchi jahon urushida qatnashgan barcha ajdodlar onalarining timsoli hisoblanadi.
Ushbu holatni sodir etgan 37 yoshli Zafar Kimsanov bundan avval ham xurmacha qiliqlari bilan tanilgandi. Kimsanov TikTok’da mashhur bo‘lish uchun o‘zini poyezd tagiga yotib olgandek ko‘rsatib video olgandi.
U poyezddan 300 metr oldinda poyezd yo‘liga chiqib, temir yo‘lga yotmasdan uyali telefonini temir yo‘lning o‘rtasiga qo‘yib, darhol ortga qaytgani ma’lum bo‘lgan. O‘sha payt ham unga MJtKning tegishli moddalari bilan ayblov qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 may kuni Samarqand viloyatidagi Alisher Navoiy haykali oldida bir yigitning haqoratomuz harakat sodir etgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda taqralgandi. U yigit 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolangandi. Shuningdek, yigitga Navoiy asari sovg‘a qilingandi.
Keyinchalik, Kattaqo‘rg‘on shahrida yana bir yigitning Alisher Navoiy haykali oldida nojo‘ya harakat sodir etgani aks etgan video tarqaldi. Videoda yigit haykalga tupurganini ko‘rish mumkin.
LiveBarchasi