Andijonda qimmatbaho daraxtlarning kesilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Andijon viloyati Shahrixon tumanida qoraarcha (mojjevelnik) manzarali qimmatbaho daraxtlaridan jami 28 tupi obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. 

Viloyat prokuraturasi Matbuot xizmatiga ko‘ra, holat yuzasidan Shahrixon tuman obodonlashtirish bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Mazkur holat yuzasidan Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 17 avgust kuni Shahrixon tuman obodonlashtirish bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Shahrixon tuman Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida  101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtining ildiz qismi shikastlangani haqida xabar bergan edik.

Holat sabab Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etilgan edi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va prokurori Ulug‘bek Qosimovga hayfsan berilgandi. Shuningdek, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida Elektr tarmoq korxonasi xodimlari “Qirqketmon” MFY hududida noqonuniy ravishda 48 to‘p ko‘p yillik sosna, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxtlarni ostidan kesib tashlagan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar summasi 43 410 000 so‘mga baholangan. Holat yuzasidan tegishli xujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga takdim etilgan.

Shu bilan ham daraxtlar qirg‘ini tugagani yo‘q. Masalan, 11 avgust kuni Yakkasaroy tumanidagi  5 tup chinor va 7 tup kashtan daraxtining ildiz qismiga qurilish kompaniyasi tomonidan shikast yetkazilgani aniqlandi. Kun oxiriga yetmasdan mazkur tumanida joylashgan 111-uyda qurilish kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari jarayonida 1 dona safora daraxt ildizi qisman ochilgani uchun yiqilgani ma’lum bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Andijon

Baholaganlar

27

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing