AQSH va Yevropa Buchadagi qirg‘in uchun yangi sanksiyalar tayyorlashni boshladi
Olam
−
04 aprel 2022
14101Amerika Qo‘shma Shtatlari “tez orada” Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays ma’lum qildi.
U kecha, 3 aprel kuni MSNBC efirida e’lon qilgan bayonotida Qo‘shma Shtatlar Vladimir Zelenskiyning Rossiya Federatsiyasining Buchadagi jinoyatlari uchun yangi sanksiyalar joriy etish chaqirig‘iga qanday munosabatda bo‘lishi haqidagi savolga javob berdi.
“Sanksiyalarimiz haqida gap ketganda, biz har doim prezident Putinga, Kremlga, uning atrofidagi barchaga, shu jumladan Ukrainaga qarshi urushga vakolat bergan oligarxlar va ularning yaqinlariga bosim o‘tkazishda davom etishimizni aytganmiz... Tez orada ko‘proq harakatni ko‘rasiz, deb o‘ylayman”, degan u.
Davlat departamenti vakili, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar ushbu jinoyat aybdorlarini javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytgan.
“Biz allaqachon rus qo‘shinlari harbiy jinoyatlar sodir etganini ko‘rdik. Hozir biz ma’lumot to‘playapmiz, birinchi navbatda ular nima qilayotganini yoritish, shuningdek, ushbu jinoyatlarni sodir etganlarning barchasi javobgarlikka tortilishini ta’minlash uchun ishlayapmiz. Bu bizning vazifamiz”, deb davom etgan u.
Qayd etish kerakki, Yevropa Ittiofqi rahbarlari ham Rossiya Federatsiyasining Buchadagi jinoyatlari ortidan jim tura olmadi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Buchadagi fojiadan keyin, Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytiradi va mudofaa masalalarida Kiyevga yordamni kuchaytirishini ma’lum qildi.
Rossiyaga qarshi cheklov choralarini kuchaytirish zarurligini Germaniyaning Iqtisodiy ishlar va iqlimni muhofaza qilish vaziri Robert Xabek ham aytdi.
“Men sanksiyalarni kuchaytirishni maqsadga muvofiq deb bilaman. Biz Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan bunga tayyorlanyapmiz”, degan vazir.
Moliya vaziri Kristian Lindnerning aytishicha, Berlin 4 apreldan boshlab hamkorlari bilan sanksiyalarni kuchaytirish masalasini muhokama qila boshlaydi.
Yevropa rasmiylari bu qarorni Ukraina rasmiylarining Bucha shahridagi voqealar haqidagi xabarlari bilan izohlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina rasmiylari Kiyev viloyatining rossiyaliklar tashlab ketgan Bucha shahrida ko‘plab tinch aholi vakillari qiynoqlar bilan o‘ldirilgani haqida xabar bera boshladi. Shaharda yuzlab odamlar vahshiylik qurboni bo‘lgani aytilmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi